Samarqandda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuz-qish mavsumida salkam 7 million tup ko‘chat ekiladi

Kecha, 11 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish va “Yashil makon” kuzgi mavsumini tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda joriy yilda, 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilinishi aytildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Samarqand viloyat hududida 2023 yil bahor mavsumida 10 364 ming tup mevali va manzaralari daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.

Samarqand shahri Qorasuv massividagi 38,0 gektar yer maydonida (jami rejalashtirilgan yer maydoni 52,0 gektar) “Yangi O‘zbekiston bog‘i” tashkil etildi. 6,1 mlrd. so‘m mablag‘lar evaziga tuman obodonlashtirish boshqarmalariga 8 ta maxsus texnikalar sotib olindi.

2023 yil kuz mavsumida 6 942 ming tup mevali va manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqildi.

Kuzgi ko‘chat ekish mavsumida viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Yashil jamoat parklari” tashkil etiladi. Jami 19 gektar yer maydonida 16 ta “hokimlik bog‘lari”, shuningdek, davlat tashkilotlari tomonidan 50 sotihdan - 2 gektargacha yer maydonida tashkilot bog‘lari barpo etiladi. 7 ta shahar va tumanda 28,4 gektar “Yashil bog‘”lar hamda atrof muhitga ta’siri xavfi 1 va 2-toifaga kiruvchi yirik sanoat korxonalari tomonidan 71,8 gektar maydonda 120 ming tup ko‘chatlar ekilib, “Yashil belbog‘” tashkil etiladi.

Bulung‘ur, Jomboy tumanlari hamda Samarqand shahri hududidan o‘tuvchi Temir yo‘li yoqasida 41 kilometr masofadagi 24,93 gektar yer maydonida 30 962 tup bodom, qayrag‘och, aylant, terak daraxtlari ekilib, “Yashil maydon”lar tashkil etiladi.

Yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirish uchun ko‘kalamzorlashtirish hududlarida 55 km.dan ziyod sug‘orish tarmoqlari qaziladi va 25 ta yer osti suv chiqarish quduqlari qayta tiklanadi. Daraxt va buta ko‘chatlari ekish ishlarini sifatli amalga oshirish uchun 52 ta ko‘chatxonalarda 10 237 ming tup ko‘chatlar zaxirasi yaratilgan.

Rustam ISLOMOV,

Samarqand viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori.