Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar ta’lim tizimida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi

Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar ta’lim vazirlarining VII yig‘ilishi yakunlandi.

O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston fan va ta’lim vazirliklari delegatsiyalari qatnashgan tadbirda O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova turkiy davlat tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi bunday uchrashuvlar 2012 yildan buyon doimiy tarzda o‘tkazib kelinayotgani, ushbu ikki kunlik yig‘ilish turkiy davlatlarning ta’lim sohasidagi hamkorligini yangi bosqichga olib chiqajagini e’tirof etdi.

Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev  ta’lim sohasida kelishilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatladi:

- Biz kecha va bugun uchrashuvlar doirasida Turkiy davlatlar o‘rtasida maktabgacha, maktab va oliy ta’lim sohalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildik. Ushbu uchrashuvdan so‘ng ta’lim vazirlari maxsus dasturlarni ishlab chiqadi. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro mobillik aloqalarini mustahkamlash, nufuzli olimpiadalar o‘tkazish, startap loyihalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali turkiy xalqlar taraqqiyoti yanada rivojlanadi. Hamkorlikda jahon standartlariga mos yetuk mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirda H.Umarova tomonidan uchta tashabbus ilgari surildi: Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish borasida hamkorlikni kuchaytirish, qardosh maktablar dasturlarini batafsil konsepsiyasi va yo‘l xaritasini ishlab chiqish, turkiy davlatlar tashkiloti o‘rtasida xalqaro Al-Xorazmiy yosh matematiklar olimpiadasini o‘tkazish. Shuningdek, kelgusi yil ushbu xalqaro olimpiadani Toshkent shahrida o‘tkazish taklif qilindi.

Shu bilan bir qatorda, mazkur yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi Orxun almashinuv dasturining hozirgi holati, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida tarmoqli universitet ta’sis etish hamda keyingi yili mazkur tadbirda raislik qiluvchi tomon va o‘tkazish joyini aniqlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar har bir mavzu bo‘yicha o‘z munosabati va fikrini bildirdi. O‘zbekiston delegatsiyasi taklif etgan barcha tashabbuslar ma’qullanib, yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

 

Xurshida Ernazarova.