O‘quvchilarning harbiylikka havasi baland
Yurtimiz bo‘ylab “Vatanparvarlik oyligi” doirasida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Shunday tadbirlardan biri “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha” shiori ostida Samarqand shahridagi 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etildi.
Unda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi havo hujumida mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari harbiy qismining ofitserlari hayotiy misollar orqali yoshlar qalbida harbiylikka bo‘lgan havasni uyg‘otdi.
Tadbirda zamonaviy harbiy xizmatchi qanday bo‘lishi kerakligi, bilim va ko‘nikmaga ega yoshlar harbiylikka tanlab olinishi haqida tushunchalar berildi.
- Bu safargi targ‘ibot tadbirlari tashkiliy jihatdan oldingilaridan ma’nan va mazmunan farq qiladi, - deydi harbiy qismning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha organi podpolkovnigi Baxtiyor Mahkamov. – Eng muhimi, maktablarda bu kabi uchrashuvlarni o‘tkazish orqali, ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchilarida boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik ko‘nikmasini shakllantirishga erishamiz.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi havo hujumida mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari harbiy qismida ham yuqoridagi shior ostida davra suhbati tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi tadqiqotchisi S.Elmurodov harbiy xizmatchilarning qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.
Husan Eltoyev.