O‘zbek-qirg‘iz kinoijodkorlaridan tuhfa

Samarqand shahridagi «Sharq yulduzi» kinoteatrida buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning «Sarviqomat dilbarim» asari asosida ishlangan badiiy film Samarqand jamoatchiligiga taqdim qilindi.

Taqdimotda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limlari, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari mutasaddilari, kasb-hunar ta’limi muassasalari vakillari, ijodkorlar ishtirok etdi.

- Prezidentmizning joriy yil 2 apreldagi «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida ishlangan ushbu film O‘zbekiston va Qirg‘iziston kinoijodkorlarining hamkorligi mahsulidir, - deydi «Respublika kinoprokat markazi» davlat unitar korxonasi viloyat filiali rahbari F.Roziqov. - Film qahramonlarining ikki millat vakillari ekanligi azaliy qardoshligimiz, urf-odat va qadriyatlarimiz mushtarakligini ifodalaydi.

- «Sarviqomat dilbarim» qissasini hayajon bilan mutolaa qilmagan kitobxon bo‘lmasa kerak, - deydi  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari T.Tugalov. - Bugun 180 dan ziyod tilga tarjima qilingan bu muhabbat qissasi hamon sevimli asar hisoblanadi. Inson ko‘nglining otashin kuychisi qissasi asosida ikki qardosh xalq kinochilari tomonidan suratga olingan yangi film asarning badiiy qimmatining oshishiga xizmat qiladi.

«O‘zbekkino» milliy agentligi buyurtmasi asosida «Yoshlar ijodiy tajriba studiyasi» tomonidan ishlangan film Toshkent, Namangan viloyatlari, Qirg‘iziston Respublikasi hududida tasvirga olingan.

Yosh rejissyor Sarvar Karimov ekranlashtirgan filmda Matyoqub Matchonov, Bobur Yo‘ldoshev, Ulug‘bek Qodirov singari tajribali aktyorlar asar qahramonlarini talqin etishgan.

Bosh qahramon Ilyos obrazini Adiz Rajabov, Asal rolini Qirg‘iziston akademik teatri aktrisasi Madina Talipbek, Xadicha rolini yana bir qirg‘iz aktrisasi Elina Abay qizi mahorat bilan ijro etgan.

Nigora AHMEDOVA.