“Obod xonadon – obod ko‘cha - obod mahalla”: Dastur tufayli ijtimoiy-iqtisodiy holati og‘ir mahallalarda obodlik, aholi uchun qulay sharoit yaratildi
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan sentyabr-noyabr oylarida Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Oqdaryo, Past Darg‘om, Narpay tumanlarida bittadan ijtimoiy-iqtisodiy holati og‘ir bo‘lgan mahallalarda «Obod xonadon», «Obod ko‘cha», «Obod mahalla» mezonlarini joriy etish bo‘yicha qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi.
Joylardagi o‘rganishlar va mahalliy hokimliklar taklifi asosida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Cho‘yanchi, Ishtixondagi Chag‘atoy, Past Darg‘omdagi Olti qahramon, Oqdaryodagi Yangiqo‘rg‘on va Narpaydagi Salovat mahallalarini obod qilish, aholi uchun qulay turmush sharoiti yaratish va hayotini o‘zgartirish belgilangandi. Dastlab har bir mahallada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarning yo‘l xaritalari tuzib olindi. Xonadonbay o‘rganish asosida qaysi oilaga qanday yordam ko‘rsatilsa, ularning hayoti o‘zgarishi belgilandi. Shu asosda uch oy ichida beshta mahalladagi 1995 ta xonadonda «Obod xonadon» mezonlari joriy etildi. Jumladan, 169 ta kam ta’minlangan oila xonadonlari homiylar hisobidan joriy va kapital ta’mirlandi.
Aholi turmush darajasini oshirishning asosiy omili bandlik, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lish hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, mahallalardagi 611 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi, 40 nafariga 253 million so‘m miqdorida subsidiya, 124 nafariga 2 milliard 263 million so‘m miqdorida kredit ajratilishiga ko‘maklashildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 293 nafar fuqaroga 631 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.
Uch oy davomida besh mahallada ham viloyatdagi tibbiyot muassasalarining malakali mutaxassislaridan iborat guruhlar tomonidan tibbiy ko‘riklar uyushtirildi. Bu tadbirlar davomida 21 mingdan ortiq aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ko‘rik xulosalari asosida 261 nafar fuqaroni davolash choralari ko‘rildi, 1638 nafariga bepul dori-darmon va 31 nafariga reabilitatsiya vositalari berildi.
Mahallalarda yangi tizimni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanganda hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilgandi. Shu asosda qisqa vaqt ichida mahallalardagi ichki ko‘chalarning 23,5 kilometri asfaltlandi, 62,9 kilometriga tosh-shag‘al to‘shaldi. 10 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmog‘i tortish va 1 kilometr tarmoqni ta’mirlash, 4 ta suv inshooti o‘rnatish va 4 tasini ta’mirlash ishlari bajarildi. Aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida 62 ta gaz taqsimlash punkti va 33,7 kilometr uzunlikdagi tabiiy gaz tarmog‘i ta’mirlandi. Aholiga qo‘shimcha suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi. Elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni hal etish va bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish maqsadida 35 ta transformator ta’mirlanib, 10 ta yangisi o‘rnatildi. 1200 dan ortiq simyog‘och beton ustunlarga almashtirildi va 39,3 kilometr elektr tarmoqlari tortildi.
Har bir mahallada fuqarolar yig‘inlari uchun zamonaviy ish joylari yaratish, ta’lim va tibbiyot muassasalarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish hamda jihozlash, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Natijada besh mahalla binosi ham yangilandi. To‘rtta maktabda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari bilan birga mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazildi. Bu tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligiga bag‘ishlangan «Konstitutsiya haftaligi»ga ulanib ketdi.
Mazkur haftalik davomida besh mahallada respublika ishchi guruhi va viloyat mas’ullari, keng xalq ommasi ishtirokida bayram tadbirlari o‘tkazildi, yangi bino va inshootlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, Chag‘atoyda 15 ta, Cho‘yanchida 11 ta, Yangiqo‘rg‘onda 10 ta, Olti qahramonda 7 ta va Salovat mahallasida 4 ta yangi ob’yekt – mahalla binolari, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari, aholiga xizmat ko‘rsatish majmualari, oilaviy shifokorlik punktlari, aholi dam olish maskanlari va kutubxonalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish maskanlari ochildi.
Mahallalardagi bayram tadbirlari davomida «Obod xonadon», «Obod ko‘cha» va «Obod mahalla» mezonlarini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli ishlarda faol qatnashgan davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, aholi vakillariga «Mehnat faxriysi», «Sog‘liqni saqlash a’lochisi», «Mahalla iftixori», «Xalq ta’limi fidoyisi», «A’lo xizmatlari uchun», «Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining eng faol ayoli» nishonlari berildi. «Obod xonadon» va «Obod ko‘cha» ko‘rik-tanlovlarining 30 nafar g‘oliblari esa pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, uch oy davomida viloyatdagi besh mahalla misolida yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish bugun davlatimiz ijtimoiy siyosatining asosini tashkil etishi yana bir bor namoyon bo‘ldi. E’tiborlisi, bu ishlar ertaga boshqa mahallalarda davom etadi va butun mamlakatimiz obodlik sari yuz tutadi.
Mamatjon Turdiyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri.