Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasiga murojaatlar o‘tgan yilga nisbatan uch baravarga ortgan
Bugungi kunda sud ekspertiza faoliyatini zamonaviy va yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash orqali odil sudlovni ta’minlash, sud ekspertizalari sifati va ishonchliligini oshirishga talab oshmoqda. Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasida aynan shunday murakkab tadqiqotlar ko‘plab o‘tkaziladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan Respublika sud ekspertizasi markazining Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasiga biologik otalik faktini aniqlash, biologik onalik faktini aniqlash va boshqa qarindoshlik faktlarini aniqlash yuzasidan ekspertizalar tayinlanib kelinmoqda.
Hozirgacha nizoli yaqin qarindoshlilikni hamda shaxsni aniqlash masalalarini hal etishda DNK tahlilidek ishonchli va aniqroq uslub mavjud emas. Yaqin yillargacha ham fuqarolik sudlari tomonidan nizoli otalik masalalarini hal etish uchun guvohlarning ko‘rsatmalari, turli hujjatlar, tavsifnomalar taqdim etish talab qilinsa-da, bularning barchasi odil sudlovni ta’minlay olmas, ko‘pgina hollarda masala sudlashayotgan tomonlarning bir-biriga nisbatan bo‘htonlar tarqatishga ham taqalar edi. DNK ekspertizasi xatoliklarni butunlay bartaraf etish imkoniyatiga ega. Genetik tadqiqotlar sud ajrimlari asosida, shuningdek, shaxsiy sirlarni tarqatmaslikka rioya qilgan holda shaxslarning murojaati va shaxsi sir saqlangan holda ya’ni anonim asosida ham o‘tkaziladi.
Laboratoriya amaliyotida yaqin qarindoshlikni aniqlash masalalari yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlardan da’vogarning otalikni belgilash va aliment undirish, tug‘ilganlik guvohnomalariga o‘zgartirish kiritish maqsadida, meros belgilashda qarindoshlikni aniqlash holatlari bo‘yicha shaxslarning o‘zlarining murojaati va anonim murojaatlar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazib kelinadi. Markazning viloyat bo‘limi odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasida yaqin qarindoshlikni aniqlash masalalari biologik otalik, biologik onalik faktini aniqlash yuzasidan hozirgi kungacha 180 dan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Shundan bo‘limga bevosita shaxslarning o‘z murojaatlari, ya’ni mutaxassis fikrlari va anonim murojaatlari soni 30 dan ziyodni tashkil qilib, bu o‘tgan yilga nisbatan uch baravarga ortgan.
Hozirgi vaqtda odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha tadqiqotlar Respublika sud-ekspertiza markazi va uning viloyat bo‘limlarida o‘tkazib kelinmoqda.
N.Ro‘ziyeva.
Respublika sud-yekspertiza Markazi viloyat bo‘limi odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi eksperti.