Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Odamlarga mehr ulashish osonmi?

Bugun hamkasbimiz, yetuk jurnalist, ajoyib do‘st Abduvali Ochilov tavallud topgan kun. Hayot bo‘lganida 50 yoshga to‘lardi.

...Universitetning filologiya kulliyoti domlasi Erkin Qurahmedov tushlikda to‘y ziyofatiga taklif qilgandi. O‘ylayman, birgalikda boradigan hamroh topilmaydi, deng. Shunda bexos esimga «Zarafshon» gazetasida ishlaydigan ukam Abduvali Ochilov kelib qoldi. 

«Eh, zap bo‘ldi-da! Axir gazeta tahririyati ham shundoqqina to‘y egasi uyining ro‘parasida-ya!». Bordim. Tushlik chog‘i Abduvali xonasida bir o‘zi o‘tirardi. Taklifimni aytdim.

- Ziyofatdan kim qochardi, aka, domlani juda yaxshi taniyman, qadrdonim. Ammo muharrir tadbirda, ko‘ryapsiz tushlikka ham chiqolmay telefonga «qorovullik» qilib o‘tiribman. Hech iloji yo‘q, - dedi Abduvali.

Abduvalining mehribonligi gohida beixtiyor kishini maftun etar, yurakni eritib yuborardi. Shu sabab bo‘lsa kerak, hadsiz noz-ne’mat, tansiq taomlarga g‘arq ziyofatda o‘tirsam-da, tag‘in uni o‘yladim: «Tushlikka ham chiqmagan, qorni och o‘tirgan bo‘lsa kerak, - degan o‘yga bordim... – Oshxona qayerdaligini bilmayman, to‘y egasi esa qarindoshim, yaxshisi shu yerdan u-bu olib boraman unga! «To‘ydan to‘piq»da, hech uyati yo‘q!».

Ketar chog‘im yaqin qarindoshim Erkin domlani yonimga chaqirib, fikrimni aytgandim, quvonib ketdi:

- Abduvaliga?! Hozirda, hozir...

Domla zumdayoq bitta oppoq tuguncha va yap-yangi yelim qog‘ozli ko‘ylak keltirdi.

Yana tahririyatga keldim... Abduvali haliyam tushlik qilmagan ekan. Qo‘limdagi sovg‘a-salomni ko‘rib, dong qotdi.

- Bu sizga Abduvali! Erkin domla bervordi! Ko‘zni shamg‘alat qilib to‘yga bir zumda birga borib kelsak ham bo‘lardi-yu, ish qocharmidi... Ammo bu sizning ustoz muharriringizga bo‘lgan hurmat, sadoqatingiz ramzi! Qani, hammayam shunaqa bo‘lsa...

- Axir menga ishonib... Rahmat, Erkin akaga! Qani keling, birgalikda... tushlik qilamiz, - dedi u.

...Odamlarda mehr uyg‘ota olish oson emas. Illo, o‘zgalarda ana shu samimiy, sof, beg‘araz mehrni uyg‘otish uchun, avvalo, o‘zimiz boshqalarga mehr ulashishimiz kerak. Abduvali Ochilov ana shu mehrini iloji bo‘lsa, imkoni boricha hamma-hammaga ulashishni xohlardi... U o‘zi bemor bo‘la turib ham tanish-notanish bemorlarga achinar, emranar, yaqin odamlarning ko‘z yoshlarini ko‘rsa, boshiga ish tushganini payqasa, ich-ichidan diqlanib, ezilib, qayg‘uraverib, goho o‘zining xastaligini og‘irlashtirib yuborardi. «O‘zingiz kasalsiz-ku, sizga nima, kim u sizga axir!?» yupatardi hamkasblari.

Uni oldiniga onasining, so‘ng otasining olamdan o‘tishi adoi-tamom qildi, kasalligini keskin og‘irlashtirib yubordi. Battar asabiy, tajang, diq bo‘lib qoldi.

Gazeta tahririyatining rek­lama va e’lonlar bo‘limida u jonini jabborga berib ishlar, xastaligini sevimli ishi orqali unutmoqchi, chalg‘imoqchi bo‘lardi. Ishxonada hammaga bir xilda mehr, emranish ko‘zi bilan qarar, hammani yaxshi ko‘rardi, undan ozroqqina dili og‘rigan, ko‘ngli qolgan odamni hozir ham topolmaysiz.

Abduvali ukam shunday bag‘ri butun, ochiqko‘ngil, qalbi daryo inson edi.

Murodim Umrzoqov.