Odamlarni qadrlab, o‘zi ham qadr topgan inson haqida so‘z
2010 yilning avgust oyi edi. Taniqli san’atkor, shoir, yozuvchi, iqtisodchi, shifokor, huquqshunos, o‘qituvchi va bir qator faollar qatorida biz, muxbirlar ham yurtimiz mustaqilligining 19 yilligi munosabati bilan targ‘ibot tadbiri o‘tkazish uchun tumanlarga borardik. Bir safar Narpay tumanining olis mahallasida bo‘ldik.
Targ‘ibot guruhi a’zolari orasida eng keksa kishi Aziz Yunusov edi. Aziz aka mashinadan tushgach, salom-alikdan so‘ng mahalla faollaridan shu yerlik bir taniqli kishini so‘radi.
- Anchadan buyon ko‘rinmay qoldi, betob bo‘lsa kerak...
Aziz akaning jahli chiqdi. Ammo bosiqlik bilan: “...Betob bo‘lsa, xabar olmadilaringmi?”, deb so‘radi. Ular javob berolmay, kalovlanib qolishdi.
- Targ‘ibot tadbirini u kishining holidan xabar olishdan boshlaymiz, - dedi Aziz Yunusov qat’iy va mashinani otaxonning xonadoni tomon boshqardi.
...Bordik. 80 yoshni qoralab qolgan otaxon to‘shakda yotgan ekan. Bizlarni ko‘rib ancha tetiklashdi, xursand bo‘ldi, duo qildi.
- Bu inson qariyb oltmish yil qishloq xo‘jaligi sohasida ishlagan, - dedi Aziz aka qaytar chog‘imiz. – Odamlar hayotini yaxshilash, yengillatish uchun ne-ne ezgu ishlarni qilmagan, deysiz. Bunday insonlarni e’zozlash, ardoqlash, ularning holidan xabar olish kerak. Mana, bor-yo‘g‘i 10 daqiqa vaqtimiz ketdi, ammo bir insonning, uning qavm-qarindoshlarining ko‘nglini tog‘dek ko‘tardik.
Tahririyatga ishga kelganimda “Zarafshon”ning jamoatchi muxbiri sifatida taniganim, Aziz aka Yunusov bilan keyin ham shu kabi tadbirlarga birga borganmiz. Viloyatda juda ko‘pchilikni taniydigan bu inson qayerga borsa, bemor yoki ko‘makka muhtoj odamlarni so‘rar, hokimlik vakillari, tadbirkor yoki moddiy imkoniyati bor odamlar bilan ko‘rishib yo telefonlashib, o‘sha kishiga yordam berishini tayinlardi.
Suhbatlarimiz ham insonning qadri, hurmati haqida bo‘lardi.
- Keksalarni ardoqlash, ko‘makka muhtojlarning hurmatini joyiga qo‘yish qon-qonimizga singib ketgan fazilat, - derdi u kishi. - Inson tashqi suratiga qarab emas, qalbining pokligiga qarab baholanadi, molu dunyosiga qarab emas, solih amaliga qarab taqdirlanadi. Inson qadrini o‘lchashning ana shu mezonlari ishga solingandagina odam o‘zlarining haqiqiy qadrini topadi. Zero, qadrlasang qadr topasan, qadrlanasan, deydi xalqimiz.
Ezgu amallarini eslab, xotirlayotganimiz Aziz aka Yunusovning qisqagina tarjimai holi haqida ham aytmasak bo‘lmas. Chunki vafot etganiga o‘n ikki yil bo‘lgan bu insonni tanimagan mushtariylarimiz ham yo‘q emas, albatta.
Aziz aka 1928 yilda Samarqand shahrining Yalangbek mahallasida tug‘ildi, shahardagi 15-o‘rta maktabni tamomlab, Tojikiston davlat universitetining huquqshunoslik fakultetida o‘qidi.
Oliy ma’lumotli bo‘lganidan so‘ng ko‘p yillar huquqiy sohada, mas’ul lavozimlarda ishladi. U kishining qariyb yarim asrlik faoliyati sud va adliya idoralari bilan bevosita bog‘liq. Siyob tumani sudi, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahar sudining raisi vazifalarida ishladi. Keyinchalik Samarqand viloyat sudi raisi muovini, raisi bo‘ldi.
Aziz Yunusov oddiy sudyalikdan respublika Oliy sudi sudlar boshqarmasining rahbarligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tish barobarida yuzlab huquqshunoslarga ustozlik qildi. Ularga qonun ustuvorligini ta’minlash, chin ma’nodagi adolat posbonlari bo‘lishlarida tegishli yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi.
Sudya bo‘lib ishlagan paytlarida Aziz aka qonun va adolatni yuksak tutib, jamiyat osoyishtaligi, xalq baxt-saodati yo‘lida xizmat qildi. Qonunlarni adashganlarni jazolash uchun emas, avvalo, tarbiyalash uchun xizmat qildirishi bilan odamlar mehrini qozongandi. U bilan suhbatlashgan kishi o‘zini donishmand huzurida hayot saboqlarini olayotgan odamdek his etardi. Samimiy, oqko‘ngil, yordamga muhtoj kishilardan ko‘magini darig‘ tutmaydigan inson edi.
Qanchadan-qancha nohaq jabrlanganlarni oqladi. Qanchadan qancha qonunbuzarliklarning oldini oldi, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga soldi.
Aziz aka har bir ishni ko‘rib chiqar ekan, avvalo, inson taqdiri, adolat mezoni, qonun doirasida ish ko‘rardi. “Bizning ishimizda mayda-chuyda bo‘lmaydi, har bir ishning ortida insonlar taqdiri turibdi, ularga yuzaki, befarq qarash mumkin emas”, der edi.
Pensiyaga chiqqandan keyin ham sud tizimi faxriylarini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazining turli tadbirlarida faol qatnashdi. Viloyat va markaziy gazetalarda sud-huquq islohotlari, sohada bo‘layotgan yangiliklarga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalarini e’lon qildi. Natijada 2007 yilda Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan «Eng yaxshi huquqiy maqola» ko‘rik-tanlovida sovrindor bo‘lgandi.
Darvoqe, Aziz aka yetuk huquqshunos bo‘lish bilan birga O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi ham edi. “Zarafshon” gazetasining 2004 yildan 2011 yilgacha chiqqan taxlamlarini kuzatgan kishi A.Yunusovning inson qadri, ma’naviy kamoloti, insoniylik fazilatlarini ulug‘lovchi o‘nlab maqolalarini o‘qiydi.
Tahririyatga yaqin bo‘lgani boismi, ayrim yig‘ilishlarda ta’lim dargohlari, korxona-tashkilot, muassasa rahbarlari, kasaba uyushmalari raislarini jamiyatga foydasi teggan olim, professor yoki oddiy soha odamlarining tavallud topgan kuni haqida gazetada maqola berishga, vafot etgan hamkasblari haqida kichkina bo‘lsa-da bildirish berishga chorlardi. “Bu sizning, mening insoniylik burchimiz. Jamiyatning faol odamlari haqida odamlarga xabar bering, ular bilishsin. Bu ishingiz yoshlarga ham ibrat bo‘ladi, buni unutmang!”.
Hayotning yozilmagan qonunlari ham bor. Taqdir sinovi odamni erta ulg‘aytiradi, kurashchan, illatlarga nisbatan murosasiz qilib tarbiyalaydi. Hayoti davomida Aziz aka ana shu sinovlarga duch kelgan, aniqrog‘i, ulardan mardonavor o‘tgan inson edi.
Muhimi, u kishi keksaygan chog‘ida ham shijoati, tashabbuskorligi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ldi. Shuning uchun ham davralarda u kishining achchiq, ammo ibratli gaplari hamon eslanadi va unga amal qilishadi.
Akram HAYDAROV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari.