Odamlarni sevmoq - saodat yoxud jurnalist Ahmad Narziqulovni eslab

Ahmad aka o‘ziga xos odam edi. Bunday deyishimning sababi shundaki, hozirda ham kasbidan qat’iy nazar, u kishining davrasida bo‘lgan yoshi kattalardan so‘rab qolgudek bo‘lsangiz, bu ajoyib fazilatli inson haqidagi xotiralarini faxr bilan aytib beradi. Har qanday suhbat va bahslarda vaziyatdan chiqib keta olishiga hamma havas qilardi.

Endi, ya’ni 30-40 yil o‘tgandan keyin anglab turibmanki, Ahmad aka kitob, gazeta-jurnallarni ko‘p mutolaa qilgan, odamlar, ayniqsa mutaxassislar va kasb ustalari bilan muloqotdan erinmagan. Bir jamoada ishlaganimizda qo‘lyozmamizni ko‘rsatsak, qaysi tuman yoki qaysi sohadan bo‘lmasin, baribir maslahat bera olardi, chunki ko‘p odamni tanir va ko‘p sohadan tasavvurga ega edi. Buning hammasi, tabiiyki, u kishining kuchli zehni, qiziquvchanligi, ishtiyoqi va, muhimi, bag‘rikengligi sababli edi.

Tahririyatda tushlikdan yoki ish vaqti tugandan so‘ng Ahmad aka o‘tirgan xonada, albatta, qisqa, lekin qiziqarli suhbat bo‘lardi, ustozning hayotiy hikoyalari va latifalarini miriqib eshitardik. To‘y-ma’rakalarda ham u kishiga yaqinroq joy egallashga intilardik.

Keling, endi mushtariylarga qahramonimni tanishtira qolay.

Ahmad Narziqulov 1923 yilda Samarqand tumanidagi Urganji qishlog‘ida tug‘ilgan. Xorazm shevasida gaplashadigan va xalq o‘rtasida Turkmanqishloq sifatida tanilgan bu maskan ahli qadimdan ma’rifatli bo‘lgan. Ahmad aka yaxshigina xirgoyi qilar, juda ko‘plab badiiy asarlardan monologlarni yoddan bilardi, hatto binoyidek she’rlar yozgan. Binobarin, akasi veterinar bo‘lsa-da, qishloqda hofiz sifatida tanilgan. Ziyoli sulola - Shukurovlar bilan yaqin maslakdosh bo‘lgani, maktabdayoq gazetalarga ul-bul yozib yurgani bois adabiyot muallimligi kasbini tanladi va adashmadi. Urush davri va tiklanish yillari qiyinchiligi bunday ziyolilarga ehtiyojni yanada oshirgandi.

Ahmad aka SamDU diplomini olgach, to‘qqiz yil maktabda o‘qituvchilik qildi, tez-tez maqolalar yozib, tilga tushdi, natijada uni 1958 yilda  Samarqand tuman gazetasiga mas’ul kotiblikka chaqirishdi va umrining oxirigacha ana shu sharafli kasbning zavqu shavqi bilan yashadi.

- Jurnalistika shunaqa sohaki, unda rahbar va xodim degan tushuncha bo‘lmaydi, - derdi u kishi. - Muxbirni lavozimi emas, qalami kuchiga qarab baholashadi. Yozmaydigan yoki yomon yozadigan jurnalistga muxbir emas, redaksiya xodimi sifatida munosabatda bo‘lishadi.

A.Narziqulov ana shu nuqtai nazar bilan ishladi. Samarqand va Past Darg‘om tuman gazetalarida mas’ul kotib, muharrir o‘ribosari, viloyat gazetasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan chog‘larida kabinetda o‘tirib qolmadi, bir muxbir qatori maqola yozdi, yozganda ham eng dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqdi, o‘nlab tahliliy maqolalari va feletonlari o‘sha davrda nufuzli rasmiy idoralarda muhokama etildi. Ayniqsa, ustozning Cho‘ponota tepaligi tarixi, bu qo‘rg‘onning tarixiy va tabiiy ahamiyati xususida yozgan maqolalari, mazkur tepalik Samarqandni mo‘’tadil havo bilan ta’minlashi va u yerda imoratlar qurilishi mumkin emasligi haqidagi chiqishlari katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ming afsuski, yillar o‘tib, bu xatoliklar yana takrorlandi.

Ahmad aka bir muddat viloyat radiosida bosh muharrir sifatida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa-da, "Zarafshon" u kishining ikkinchi uyi edi, butun jamoani do‘sti, ukalaridek ko‘rardi. Shu sababli nafaqaga chiqqandan so‘ng ham tahririyatdan uzoqlashmadi. Xususan, hijriy qamariy jadvallarning zamonaviy sharhlarini tayyorlab, dehqonchilik tabiiy sharoitlari to‘g‘risida qimmatli xulosalar berdi.

Agar hayot bo‘lganida Ahmad aka bugun 100 yoshga to‘lardi. Shu sababli bu fidoyi hamkasbimizni yo‘qlashga jazm etdik. Binobarin, gazetalar taxlamlarida tariximiz sharhi bo‘lib turgan maqolalari ustoz nomining abadiyligini ta’minlab turaveradi. Har bir jurnalist ana shunday saodatga musharraf bo‘lishini istab qolamiz.

Farmon TOShEV.