"O‘g‘lim siz bilan qaysi tilda gaplashdi?"

Parijda men tasodifan bir dog‘istonlik musavvirni uchratib qoldim. Inqilob yillari u Fransiyaga ketgan va o‘sha yerda bir italiyalik ayolga uylanib qolib ketgan ekan.

Men undan so‘radim:

— Nima uchun vatanga qaytishni istamaysiz?

U javob berdi:

— Endi juda kech, yoshlikda u yerdan o‘tli qalb bilan chiqqandim, endi quruq suyakning o‘zini vatanga qanday qaytaraman? 

Uyga qaytgach, men o‘sha parijlik vatandoshimning qarindosh-urug‘larini izlay boshladim. Buni qarangki, meni ajablantirib, o‘sha odamning judayam keksayib qolgan onasi haliyam hayot ekan.

— Sizlar avar tilida gaplashdinglarmi? — deb qo‘qqisdan so‘radi kampir mendan.

— Yo‘q, biz tarjimon orqali gaplashdik, men rus tilida, u esa fransuz tilida, — javob berdim men.

Onaizor o‘ychan, ancha muddat jim sukut saqladi. U qora ro‘moli bilan yuzini yopdi, ayollar farzandlari o‘lsa shunaqa qiladilar. Yana biroz jim turib, u keskin tarzda dedi:

— Rasul, sen adashibsan, o‘sha odam mening o‘g‘lim emas, u allaqachon o‘lib ketgan. Mening o‘g‘lim o‘zim o‘rgatgan ona tilini, avar tilini unutishi mumkin emas!..

Rasul HAMZATOVning "Mening Dog‘istonim" asaridan.