Oilaviy bog‘chalarda ta’lim-tarbiya jarayonlari sifatsiz tashkil etilgan

Samarqand viloyatidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 90 foizini oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etadi. Bu muassasalardagi ta’lim-tarbiya sifatini qoniqarli deb bo‘lmaydi. Ularda faoliyat ko‘rsatayotgan 3 050 nafar pedagoglarning birortasi ham malaka toifasiga ega emas, aksariyat oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagog kadrlar tarkibi nomutaxassis xodimlardan iborat. Asosan tadbirkorning yaqin qarindoshlari hisobiga shakllantirilgan.
Umuman, bugungi kunda viloyatda 2 421 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritib, ularning 696 tasini davlat, 1 724 tasini nodavlat ta’lim tashkilotlari tashkil qiladi. Jumladan, nodavlat ta’lim tashkilotlarining 78 tasi xususiy, 102 tasi davlat va xususiy sheriklik asosidagi hamda 1 544 tasi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati bo‘limi tahlillariga ko‘ra, ushbu ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyachilar “Ilk qadam” davlat dasturi, davlat talablari to‘g‘risida tushunchaga ega emasligi sabab ta’lim-tarbiya jarayonlari sifatsiz tashkil etilmoqda.
Jumladan, Urgut tumanidagi “Yulduzcha” oilaviy nodavlat ta’lim tashkiloti 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ta’lim-tarbiya sifati bo‘yicha biror-bir sharoit yaratilmagan. Tarbiyachi Zuhra Shodiyeva nafaqa yoshida bo‘lib, ko‘p yillar hududdagi maktabda boshlang‘ich sinflarga dars berib kelgan. Tarbiyachi nomutaxassisligi bilan birga “Ilk qadam” davlat dasturi, davlat talablari to‘g‘risida ma’lumotga ega emas. Oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya sifatini o‘rganish jarayonida tarbiyachilarga o‘quv dasturida mavjud bo‘lmagan, shuningdek, bolalarga ta’limiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘yin mashg‘ulotlarini o‘tayotganligi kuzatildi. Tarbiyachining ish hujjatlari o‘rganilganda hamda u bilan olib borilgan suhbatda mashg‘ulotlarning aksariyati shu tarzda amalga oshirilishi ma’lum bo‘ldi. Achinarlisi, ta’lim tashkilotida bolalarni rivojlantiruvchi markazlar mavjud emas, didaktik va uslubiy qo‘llanmalar, badiiy va ertak kitoblar bilan ta’minlanmagan. Guruhdagi tarbiyalanuvchilar yosh jihatdan har xil yoshdagi bolalar bo‘lishiga qaramasdan, ularga yosh va psixologik xususiyatlari inobatga olinmagan holda bir xil mavzudagi mashg‘ulotlar o‘tkazilib kelinmoqda. Ta’lim tashkiloti hovlisida tarbiyalanuvchilarni sayr qildirish uchun sharoit yaratilmagan, bolalarning vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun o‘yinchoqlar yo‘q, bolalar kiyimlari turadigan javonlar yetarli emas. Bunday muhit tarbiyalanuvchilarning sifatli ta’lim va tarbiya olishlariga o‘zining salbiy ta’sirlarini ko‘rsatmay qolmaydi.
Shuningdek, ta’lim tashkilotida yangi o‘quv yili uchun reja ishlab chiqilmagan, yong‘in xavfsizligi burchagi tashkil etilmagan, tadbirkor bilan tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisi o‘rtasida mehnat shartnomasi tuzilmagan. Tarbiyalanuvchilarning tibbiy ma’lumotnomalari mavjud emas, shartnoma asosida hududdagi hamshira biriktirilmagan.
Ushbu holatlarni faoliyati o‘rganilgan Samarqand tumanidagi “Zayniyeva Shoira”, Qo‘shrabot tumanidagi “Sunnatova Nozima”, Narpay tumanidagi “Mamatova Dildora” nomli oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham kuzatishimiz mumkin.
Mazkur holatlar tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari tomonidan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yetarlicha metodik yordam va tavsiyalar berilmayotganligini ko‘rsatadi.
Urgut tumanidagi 31-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida olib borilayotgan ta’lim-tarbiya jarayonlari o‘rganilganda, 2019 yilda kapital rekonstruksiya qilingan muassasada kuni uzaytirilgan guruhlar mebel, jihoz va didaktik materiallar bilan to‘liq ta’minlangan. Bog‘chada tashkil etilgan 2 ta qisqa muddatli guruhlar hamda 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi 2 ta majburiy guruhlarda bolalarni rivojlantirish markazlari mavjud emas, tarbiyalanuvchilarga o‘tilayotgan mashg‘ulotlar davlat dasturiga mos kelmaydi. Guruh tarbiyachisi “Ilm yo‘li” variativ o‘quv dasturi hamda tarbiyalanuvchilar davlat tomonidan berilgan matematika va ish daftarlari bilan ta’minlanmagan. Hududdagi 31-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tomonidan ushbu guruhlarga hech qanday amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatilmayotgan bo‘lsa, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan ushbu holatlar nazoratga olinmagan. Mazkur holatlar Samarqand, Qo‘shrabot, Narpay tumanlarida ham kuzatildi.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, viloyat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan jami 12 022 nafar pedagogning 28 nafari, ya’ni bor-yo‘g‘i 0,2 foizi ikkinchi toifa malakaga ega bo‘lsa, pedagoglarning birortasi ham birinchi toifaga ega emasliklari achinarli holatdir. Jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan musiqa rahbarlari, defektologlar, logopedlar, jismoniy tarbiya yo‘riqchilari hamda xorijiy til o‘qituvchilarining birortasi ham malaka toifalariga ega emas. Ishtixon, Past Darg‘om, Samarqand tumanlarida II toifali pedagoglar 1 nafardan to‘g‘ri kelsa, Narpay, Oqdaryo, Paxtachi, Toyloq, Qo‘shrabot hamda Nurobod tumanlarida birorta ham malaka toifaga ega pedagoglar mavjud emas.
Viloyat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi pedagog xodimlarning 71,6 foizini o‘rta maxsus ma’lumotlilar tashkil etishi ham yechimini kutayotgan muammolardan biri bo‘lsa, 239 nafar o‘rta ma’lumotli pedagoglarning faoliyat yuritib kelayotganligi achinarlidir. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Kattaqo‘rg‘on shahar (74,4 foiz), Ishtixon (74,8 foiz), Paxtachi (75,6), Kattaqo‘rg‘on (77,4), Nurobod (78,2), Kattaqo‘rg‘on (79,4) hamda Past Darg‘om (81,4) tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, Payariq tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 26 nafar, Oqdaryo tumanida 43 nafar o‘rta ma’lumotli mutaxassislar pedagog sifatida faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich birgina Samarqand shahrida 168 nafarni tashkil etadi.
Viloyat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi pedagog xodimlarning salohiyati respublika bo‘yicha past ko‘rsatkichga ega bo‘lgan hududlar qatoridan joy olgan.