Oliy ta’limda qilinadigan ishlar ko‘p yoki “Universitet 4.0” nimaligini bilasizmi?

Biz universitetlarning soni bilan maqtanib yurishdan, amaliyotdan butunlay yiroq ilmiy mavzularni himoya qilishdan boshqasiga aqlimiz yetmagan bir davrda, butun dunyo “Universitet 4.0” va 4-sanoat inqilobi (The Four Industrial Revolution - 4IR) ga o‘tish masalalarini muhokama qilyapti.

Bizdagi universitetlar davlatdan imtiyoz olish yo‘lini izlayotgan, hukumatda o‘ziga lobbist izlab, uning soyasiga kirib olishni o‘ylab yurgan bir paytda dunyodagi universitetlar YaIMning oshishidagi ishtirokini oshirish haqida bosh qotiryapti.

Ma’lumot uchun: “Universitet 1.0” modelidagi universitetlar faqat ta’lim berish;
“Universitet 2.0” modelidagi universitetlar ta’lim berish bilan birga ilmiy faoliyatni ham yo‘lga qo‘yish;
“Universitet 3.0” modelidagi universitetlar ilmiy, ta’lim va ilmiy g‘oyalarni biznesga tadbiq etish;
“Universitet 4.0” modelidagi universitetlar esa milliy iqtisodiyotning sanoat va ishlab chiqarish sohalarini fundamental o‘zgartirib, yangi yo‘nalishlarni ochish, xarajatlarni maksimal darajada minimallashtirish orqali daromadlarni maksimallashtirish, inson omilini cheklash orqali iqtisodiyotning har bir jabhasini raqamlashtirishga erishish, iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi yangi innovatsion modellarni taklif qilish bilan shug‘ullanmoqda.

4-sanoat inqilobi (The Four Industrial Revolution - 4IR) esa sun’iy intellekt (AI), robototexnika, inson omilisiz o‘zaro aloqa o‘rnatish imkonini beruvchi narsalar interneti (IoT), genetik injeneriyaning jadal sur’atlar bilan hayotga tadbiq etilishidir.

Aytingchi, bizning universitetlarning qay biri yuqorda sanab o‘tilgan modellarga to‘g‘ri keladi. "Universitet 1.0” gami? "Universitet 2.0” gami? "Universitet 3.0” ga yoki "Universitet 4.0"gami?

Darslardagi davomat, darajasi tushunarsiz jurnallarda maqola chiqarish talabi, qanaqadir yasalgan reytinglar ortidan quvish, kelajagi mavhum yo‘nalishlarni ochish, talaba qizlarning ro‘molini poylashni bas qilib, balki jiddiy muammolarni hal qilarmiz?

Barnogul Sanaqulova.