Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonning 1314 yildagi Fransisk ruhoniylariga bergan yorlig‘i

Tarixiy manbalarni varaqlab, ushbu surat va uning ostida Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonning Fransisk ruhoniylariga e’lon qilingan yorlig‘ia ko‘zim tushdi. Uni tarjima qilib, tarixga qiziquvchilar uchun taqdim etishni lozim ko‘rdim.

Abadiy xudoning kuchi va ulug‘ ilohiy zotning to‘liq rizoligi bilan biz, O‘zbek, ushbu so‘zlarimizni taqdim etamiz:

Ushbu imtiyozga ega bo‘lgan lotin ruhoniylari, o‘z urf-odatlariga ko‘ra o‘zlarini “kichik aka-ukalar” deb ataydilar; ular tinch va xotirjam qalb bilan yurib, Xudoga ibodat qilib, barakot tarqatishlari uchun bizga murojaat qilganlar.

Bu imtiyoz avval bobokalonimiz Kuluk tomonidan berilgan bo‘lib, undan so‘ng katta akamiz, imperator ham uni tasdiqlagan edi. Biz ham bu imtiyozni o‘sha shartlar asosida yanada tasdiqlaymiz.

Ya’ni: Iso Masihga ibodat qiluvchi ushbu lotin ruhoniylar Xudoga ibodat qilib, ko‘pchilikka nasroniy dinini o‘rgatib yurishlari mumkin. Ularga hech qanday ziyon yetkazilmasin:

Armiya ro‘yxati uchun yo‘lga chiqadigan birorta elchi ulardan askarlarni aniqlab, chaqirmasin, yurish uchun zarur vositalarini yoki boshqa biror narsasini olmasin.

Soliq va to‘lovlar uchun mas’ul amaldorlar ulardan hech qanday to‘lov yoki yig‘im talab qilmasin, mol-mulkiga tegmasin.

Hech kim ularni zo‘ravonlik yoki tazyiqqa uchratmasin, cherkovlarini buzmasin, uy yoki yashash joylarini yo‘q qilmasin.

Aksincha, ular cherkov yoki qo‘ng‘iroq qurib, nasroniy dinidagi odamlar bilan ish yuritsinlar, shu bilan birga: ular bizga yaqindan yoki uzoqdan kelganlarining tashrifi sababini tushuntirib, yozma hisobot taqdim etsinlar.

Ularni qanday marhamat va muruvvat bilan himoya qilishimizni o‘zimiz bilamiz.

Bu imtiyoz bari (yil) yilining uchinchi oyida, oyning to‘rtinchi kuni, shafran qog‘ozida taqdim etildi.

Shohistaxon O‘ljayeva, tarixchi.