Ona hidi

Tong sahar onam bilan ko‘rishmoqchi bo‘lib, xonalariga kirdim. Salomlashib, biroz suhbatlashdik.

Chiqib ketayotib, ko‘zim xonadagi dazmol va yuvilgan ko‘ylaklarga tushdi. Onamdan so‘radim:

— Nega dazmol bu yerda turibdi?

Onam javob berdi:

— Kelinim yumushlari bilan band ekan, shunga o‘zim dazmollasammi, deb turibman.

Dazmolga qarab, talabalik davrim esimga tushib ketdi. O‘sha paytlarda dazmollash va taom tayyorlash menga yoqmaydigan mashg‘ulotlar edi. Bu xayollar og‘ushida oilamga qarab dedim:

— Dazmol qilib bermaysanmi? Qarib qolgan holida qanday qilib dazmollaydi?

Rafiqam:

— Xo‘p, bo‘ladi, hozir qilaman, — dedi.

Onam esa kulib, hazilomuz ohangda:

— O‘zing qilib bersang ham bo‘lardi-ku, — dedi.

Bu ish menga sira yoqmayotgan bo‘lsa-da, 78 yoshga kirgan onajonimning ko‘nglini qoldirgim kelmay, noiloj bo‘lsa ham rozi bo‘ldim:

— Faqat bittasini, qolganini keliningiz qilib beradi, — deb qo‘ydim o‘zimcha.

Dazmolni uladim. Onamning ko‘ylagini yoyib, burmalarini rostlab dazmollashni boshladim. Shu zahoti qandaydir yoqimli hid dimog‘imga urildi.

— Ona, qanday atir sepgansiz? — deb kulib so‘radim.

Ko‘ylakni dazmollar ekanman, bu hid tobora tanish tuyuldi. Go‘yoki bu hidni ilgari ham sezgandek bo‘ldim. Yodimga tushirishga harakat qildim. Shunda birdan miyamda bolalik xotiralari — 4-5 yoshlarim jonlandi. Onajonim meni erkalab, quchoqlab, qayerga borsa ko‘tarib borardi.

Shunda tushundim: bu yoqimli hid onamning bolaligimdagi hidi edi. Ana shunday esdaliklar og‘ushida to‘rt ko‘ylakni dazmollab qo‘yganimni bilmay ham qolibman.

Dazmollab bo‘lgach, onamga yuzlandim:

— Ona, bir iltimosim bor sizdan...

— Qanday iltimos? — dedilar onam.

— Boshqa safar ko‘ylagingizni dazmollash kerak bo‘lsa, albatta menga ayting, — dedim ko‘zlarimda yosh bilan.

Onam menga qarab hayron bo‘ldilar. So‘ngra kulib:

— Xo‘p, bolam, — dedilar va uzoq duo qildilar.

Onalarimizni tirikligida qadriga yetaylik. Ular vafot etgach, qabrini dur-u javohirlar bilan bezatib, dunyoga dod-faryod solishimizdan foyda yo‘q.

Elyor Mahmadaliyev.