Ona tilini qay darajada bilishimiz kerak?
E’tibor berganmisiz, ba’zi davlatlar chetdan keladigan fuqarolarga o‘z tilini o‘rgatmasdan, vataniga ishga yoki o‘qishga kelishiga yo‘l qo‘ymaydi. Masalan, yoshlarimiz o‘rtasida Janubiy Koreya davlatiga qiziqish katta, ko‘plar ishga borishni istaydi. Biroq ushbu mamlakat xorijliklarni avval koreys tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha xalqaro imtihondan o‘tkazib, TOPIK-I yoki TOPIK-II darajani qo‘lga kiritganlarga Koreyada ishlashga ruxsat beradi.
O‘qishga boradiganlar esa TOPIK-III va undan yuqori darajani qo‘lga kiritishi lozim. Ular shu orqali ona tilining dunyo bo‘ylab yoyilishini istaydi. Ona tiliga bo‘lgan hurmat-e’tibor kuchliligi bois shunday qonun-qoidani joriy qilishgan. Xo‘sh, bizda-chi? Biz ona tilimizni qay darajada hurmat qilamiz.
Bugun yoshlar o‘rtasida ona tilidan ko‘ra, chet tillarni o‘rganishga ishtiyoq kuchli. Sababi, chet tilini yaxshi bilgan o‘quvchi maktabni tugatmasdanoq xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiryapti yoki test sinovlarida chet tilini bilish darajasi bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega abituriyentlarga o‘sha fandan yuqori ball berilyapti. Shuning uchunmi, ba’zi bolalar bog‘chalarida ingliz, rus tili o‘rgatilyapti. Ayrim ota-onalar farzandi til o‘rganishi uchun qo‘shimcha repetitorga beryapti. Aslida, til o‘rganish inson tafakkurini kengaytiradi, fikrlashi, dunyoqarashini o‘zgartiradi. Biroq chet tilini o‘rganishdan avval ona tilini bilish kerak. Xo‘sh, nima uchun?
Ona tilidagi fe’l zamonlari, kelishik qo‘shimchalari, gapning ega-kesimi haqida tushunchaga ega bo‘lmagan o‘quvchi boshqa chet tilini o‘rgana olmaydi.
- Afsuski, bugun yoshlarimiz o‘z ona tilini o‘rganishga emas, aksincha, chet tillarni o‘rganishga juda qiziqadi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar 16-IDUMning oliy toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Zebiniso Majidova. – Aslida, o‘quvchilar savodxonligi va nutqini rivojlantirish uchun ona tili fani ham ikkiga bo‘lib o‘qitilishi kerak. Bu yilgi yangi darsliklarda ona tili fani o‘quvchining ko‘proq o‘z ustida ishlashi, kreativ fikrlashi, nutqini rivojlantirishga mo‘ljallangan. Endi o‘quvchilar avvalgidek grammatik qat’iy qoidalar yodlamaydi. Dars davomida grammatika qisqa o‘rgatilyapti. O‘quvchi asosan matn tuzib, uni o‘zi aytib berishi kerak.
- Ba’zi o‘quvchilarda chet tilini o‘rganishga ishtiyoq kuchli bo‘ladi, ammo ona tiliga uncha qiziqmaydi, – deydi Payariq tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali ingliz tili o‘qituvchisi Dilnoza Amonova. – Til o‘rganishga ishtiyoqi kuchli bo‘lgan o‘quvchi ona tili grammatikasini yaxshi bilmasa ham o‘zlashtirib ketadi. Agar unda til o‘rganishga qiziqish bo‘lmasa, darslarni o‘zlashtirolmaydi. Ona tili grammatikasini puxta o‘rgangan o‘quvchi esa bemalol boshqa tillarni yaxshi o‘rganadi.
Shuning uchun ham biz yosh avlodga, avvalo, ona tilini puxta o‘rgatishimiz kerak. Maktablarda ona tili va adabiyotga qiziqtirishimiz, o‘quvchilarni badiiy kitoblar o‘qishga jalb etishimiz, g‘azal, ruboiy va she’rlar yodlatishimiz lozim.
Ona tiliga mehr oiladan boshlanadi. Yaqinda bir tanishimni uchratib qoldim. O‘g‘li Rossiya davlatida katta bo‘lgan, hozir 12 yoshda.
- O‘g‘lim o‘zbek tilini bilmaydi, biz unga rus tilida gapiramiz, - deydi onasi.
Bola bilan gaplashdim, o‘zbek tiliga yaxshi tushunyapti, ammo o‘z ona tilida gapirishni istamayapti, to‘g‘rirog‘i, ona tilidan or qilyapti. Afsuski, bunday yoshlar atrofimizda ham talaygina. Ba’zilar chet tilini o‘rgansa, o‘z ona tilidan voz kechib, o‘zbek tilida gapirmay qo‘yyapti.
- O‘tgan yili ingliz tilini o‘rganish, IELTS olish uchun bir necha o‘quv markazlariga bordim, - deydi Ruxshona Qilichboyeva. – O‘quv markazlarida o‘zbek tilida gapirishdan uyalayotgan yoshlarni uchratdim. Yoshlar bir-biri bilan chala-chulpa bo‘lsa-da, rus tilida gaplasharkan. Qaysi millat o‘z ona tilidan uyalganini ko‘rgansiz? Boshqa millat vakillari hech qachon o‘z an’ana, udum, millati va tilidan uyalmaydi. Madaniyatli xalqni uning o‘z ona tilidan faxrlanishidan bilib olishingiz mumkin. Men tengdoshlarimga boshqa tilni o‘rganmang, demayman. O‘rganing, albatta. O‘nlab til o‘rganing, turli mamlakatlarga boring, ammo o‘zbekligingizni va ona tilingizni unutmang, degim keladi.
So‘z mulkining sultoni hazrati Alisher Navoiy bobomiz besh yoshlarida 4-5 tilda so‘zlashishni bilgan. Hatto fors tilida go‘zal g‘azal va ruboiylar yozgan. Shu bilan birga, o‘z ona tili bo‘lgan turk tilining naqadar boyligi, betakror va jozibadorligini o‘z asarlarida isbotlab bergan. Bugun uning boy ilmiy, adabiy merosi butun dunyo xalqlarini o‘ziga jalb etmoqda, shuning uchun ham adibning asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilinyapti. Biroq chet tilini bilish bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega yoshlarimizning ko‘pchiligi Alisher Navoiy bobomizning g‘azal va ruboiylarini bilmaydi. Ona tiliga mehr aslida Navoiyni o‘rganishdan boshlanishi kerak emasmi?
Bilasizmi, jadid bobolarimiz bolaga avval ona tilini, tarixni, dinni puxta o‘rgatib, keyin chet elga o‘qishga yuborish kerak, deyishgan. Shunday qilinsa, bolalarimiz bilim olgach, Vatanga qaytib, mamlakat rivojiga hissa qo‘shadi, aks holda, o‘sha yurtda qolib ketadi, deb hisoblashgan. Jadid bobolarimizning xavotirini bugungi hayotimiz misolida ko‘rishimiz mumkin. Qancha “oltin bosh”larning xorijda qolib ketayotganining sabablaridan biri ham shunda.
O‘zga millat vakillari o‘z ona tilini dunyoga yoyishga harakat qilayotgan bir paytda biz yurtimizning o‘zida ona tilimizning aslligini saqlab qolishga ham urinmayapmiz. O‘zimiz qadrlamaydigan o‘zbek tilini yot millat egalari qayerdan ham qadriga yetardi. Ona tilini loaqal o‘zimiz or qilmaydigan darajada bilishimiz lozim va shart.
Xurshida Ernazarova.