Onalar buyuk mo‘’jiza...

Onam haqida yozishni ko‘p o‘ylaganman. Har yili xotin-qizlar bayrami arafasida yoki oila va turmush, ota-ona va farzand munosabatlari haqida maqolalar yozamiz, buning uchun qahramonlar izlaymiz. O‘qituvchi, shifokor, tadbirkor, hunarmand ayollar to‘g‘risida yaxshi ocherk, lavhalar yozib bering, deyishadi. Butun borlig‘ini oilasiga, farzandlariga bag‘ishlagan ayollar, ibratli bekalar haqida yozishni so‘rashadi.

Ana shunday paytlarda birinchi bo‘lib onamni tasavvur qilardim. Axir onalar emasmi farzandning birinchi o‘qituvchisi, ustozi. Dunyoni ular yordamida anglaganmizku, ilk so‘zlarni – ota, ona, aka, opa, uy, quyosh, oy, non, suv deb volidalarimiz o‘rgatganku. Nima yaxshiyu nima yomon, issiq va sovuq, oq va qora, kecha va kunduzni onamiz orqali anglaganmizku. Ular ustoz, o‘qituvchi, muallim bo‘lmay kim birinchi ustoz bo‘lishi mumkin?

Onam qishloqda tug‘ilib o‘sgan, biror bir oliy dargohda o‘qimagan bo‘lsalar ham har birimizning qo‘limizdan tutib yozishni, barmoqlarimiz bilan sanashni o‘rgatgan. Qalbimizda kitobga mehr uyg‘otgan. Yaxshi o‘qishimiz uchun rag‘batlantirgan, qo‘llab-quvvatlagan. Kundaligimizga asosan, otam imzo qo‘ysalada, undan oldin onam ko‘rib chiqib, qaysi fanlardan qanday baho olganimiz bilan qiziqardi. Sinf rahbarimizning “namunali”, “a’lo” yoki “qoniqarli” deb izoh yozganlari sabablarigacha surishtirardi. Maktabda bo‘ladigan ota-onalar majlislarida ko‘pincha otam qatnashsalar ham, onam o‘qituvchilarimizni to‘y-ma’rakada, ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolsa, albatta, o‘qishimiz, yurish-turishimiz haqida so‘rardi.

Aslida, bizning birinchi shifokorimiz ham onamiz. Tili yo‘q go‘dakning nima istayotgani, tanasining qayerida nima o‘zgarish borligi, nimadan bezovtaligini ular onalik mehri bilan his qiladi. Ko‘p ko‘rgansiz, emizikli bolasi bezovta bo‘lsa onalar falon narsa yegandim, bolamga ta’sir qildi, deb o‘zini ko‘p narsadan tiyadi. O‘zining emas, avvalo farzandining salomatligini o‘ylaydi. To‘ng‘ich singlim chaqaloqligida biroz kasallanib qolganida, onam qishloqdagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga qatnab davolatgan, shifoxonaga borib yotib olmagan. U paytda avtomashinamiz bo‘lmagan, yozning jaziramasida har kuni ertalab va kechki payt bir yoshli go‘dagini bag‘riga bosib kasalxonaga borib kelgan. Ba’zida shuni eslab, “juda nimjon bola edi, issiqda nafas olishga qiynalgani uchun kunning jazirama paytlarida tutzorga yoki boshqa salqin joylarga olib borib o‘tirardim, salqin tushsa yana uyga olib kelardim” deb eslardilar onam. Onam ishbilarmon, ro‘zg‘orni sarishtali yuritadigan ayol edi. Otam bilan birga mehnat qilib, topganlarini tejab-tergab, uy-joy qurgan, mashina olgan. To‘g‘ri, hozir avtomashina olish yetish qiyin bo‘lgan orzu-havas emas. Lekin o‘tgan asr saksoninchi yillarida avvalo, pul topish, qolaversa, mashina xarid qilish oson bo‘lmagan harholda.

Ana o‘sha paytlarda kolxozdan ajratilgan 20 sotix yerdan tashqari, qo‘shni qishloqdan yer olib, tamaki yetishtirgan. Erta bahordan kech kuzgacha, hatto qishda ham (tamakini toylash kuzning oxiri va qishning boshigacha davom etardi) peshona teri bilan mehnat qilgan.  Onam yaxshigina hunarmand ham edi. Uyimiz, biz farzandlari uchun bejirim kashtalar tikib bergan. Volidamning shu hunari haqida ham yozishim mumkin edi. Afsus. Xullas, gohida istihola qilib, gohida hafsalasizlik sababli onam haqida yozishdan tiyilardim, bu ishni ortga surardim. Go‘yoki kishilar “o‘zining onasi haqida yozibdi”, deydigandek tuyulardi. Endi esa afsus chekaman.

Bugun shuni angladimki, avvalo ota-onalar haqida yozish kerak ekan. Har bir jurnalist, har bir yozuvchi, shoir, umuman, har kim avvalo o‘z ota-onasi, ularning ibrati, fazilatlari haqida, ular hayotligida yozishi zarur ekan (ulug‘ adiblarimiz, taniqli ijodkorlarning onalar, otalar haqida yozgan betakror asarlari bor, ammo ularning aksariyati xotiralardir). Bu o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, manmanlik hisoblanmas. Bu sizning kimligingiz, qanday oilada, qanday muhitda o‘sganingizni bildirib turadi. Ota-onalarimiz haqida xotiralar emas, ular yonimizdaligida davlatimiz ekanliklarini aytib, mehr-muhabbatimizni izhor etib yozaylik!

G‘olib HASANOV.