Opera va balet teatrining ikki xodimini mashina urib ketdi. Ulardan biri vafot etgan
Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati opera va balet teatrining ikki xodimini teatr yonida mashina urib ketgani holati bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 18 mart kuni taxminan soat 18:30 larda Mirobod tumanidagi Zarafshon va Islom Karimov ko‘chalarining kesishmasida yuz bergan. 32 yoshli X.Z. "Spark" avtomobilini boshqarib ketayotganda yo‘lni piyodalar o‘tish yo‘lagidan kesib o‘tayotgan 30 yoshli Bahora Rahimova va 23 yoshli N.A.ni urib yuborgan.
Oqibatda ikkala piyoda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. 20 mart kuni Bahora Rahimova tibbiy xodimlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan, olgan tan jarohatlari oqibatida jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi («transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.