O‘qituvchi maqola yozishi shart(mi?)
Ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishda o‘qituvchi bilimi, yuqori malaka va tajribaga ega bo‘lishi birlamchi ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda o‘qituvchi o‘z fanini puxta bilishidan tashqari, faoliyatiga ijodiy yondashishi, doimiy izlanishi hamda zamonaviy malaka va tajribalarni o‘rganishi, o‘zlashtirishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qator farmon va qarorlari asosida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘qituvchining zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshirmoqda. Ayni paytda o‘rtamiyona harakat qilib, o‘z ustida ishlash nari tursin, fan, ta’lim yo‘nalishidagi darslik, kitob, majmua, gazeta yoki jurnalni varaqlab ham ko‘rmaydigan o‘qituvchi ortda qolishi tayin. Shu bilan birga, sifatli ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etishda ozgina bo‘lsa-da, tashabbus ko‘rsatmaydigan, bu borada o‘zining munosib hissasini qo‘shishga intilmaydigan pedagog xalq ta’limi xodimlariga qo‘yilayotgan zamonaviy talablarga javob bermaydi.
Darhaqiqat, mavzuga to‘xtalsak: o‘qituvchi maqola yozishi shartmi?
Prezidentimizning 2018 yil 14 avgustdagi «Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi tasdiqlandi.
Nizomning 20-bandida belgilangandek, pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar ta’lim-tarbiyaviy jarayonning amalga oshirilish sifati va samaradorligiga, o‘quv jarayoniga qo‘shilgan aniq hissasi uchun 40 foizgacha miqdorda to‘lanadi. Nizomning 21-bandi hamda 1-ilovasida baholash mezonlari va ustama miqdorlari belgilangan. Unga ko‘ra, pedagog-xodimning ilmiy-ijodiy ishlari, jumladan, baholanayotgan o‘quv yilida ommaviy axborot vositalari, ta’limga oid veb-saytlardagi chiqishlari, ilmiy-metodik jurnallardagi hamda turli konferensiyalarda maqolalar, tezislar, konsepsiyalar, istiqbolli rejalari bilan qatnashish orqali ta’lim-tarbiya jarayonini yanada yaxshilashga oid tashabbuslari uchun 15 ball beriladi. Bunda tuman miqyosida e’lon qilingan kamida 2 ta ijodiy ish uchun 5 ball, viloyat miqyosida e’lon qilingan kamida 2 ta ijodiy ish uchun 10 ball va respublika miqyosida e’lon qilingan kamida 1 ta ijodiy ish uchun esa 15 ball hisoblanadi.
Bugungi kunda Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim muassasalarida 56 ming nafardan ortiq pedagog-xodimlar faoliyat olib boradi. Agar o‘qituvchilarning ustama haq olish uchun ommaviy axborot vositalari orqali maqola e’lon qilish istagi bo‘lsa bu borada qator muammoli masalalar kelib chiqadi. Bu avvalo, barcha o‘qituvchilarning yuqori saviyada, aniqrog‘i, ta’lim sohasidagi biror muammoga yechim bo‘lib xizmat qiladigan taklif yoki tashabbusni ko‘tarib chiqish salohiyatiga ega emasligi bilan bog‘liq.
Darhaqiqat, aynan mana shunday o‘tkir maqola nafaqat ta’lim sohasidagi gazeta va jurnallardan, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy nashrlardan ham “ortmaydi”. Keyingi muammo har qanday o‘rtamiyona yondashuv yoki oddiy axborotlarni nashrlarga olib borib, e’lon qilishni so‘rab, tahririyatlarning “ostonasini chuqur” qilishdan iborat. Afsuski, o‘qituvchilar sonining ko‘pligi va shahar, tumanlarda, viloyatda ijtimoiy-siyosiy nashrlarning kamligi o‘qituvchining ilmiy-ijodiy salohiyatini ko‘rsatish, ya’ni maqola e’lon qilishidagi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Qo‘ldosh SAIDOV,
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.