O‘qituvchiga e’tibor oshyapti. Endi u ham ijodkorlik, tashabbuskorlik xislatlarini namoyish etishi kerak

Hozir kadrlar sifatini oshirish va pedagoglarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish ta’lim sohasining eng dolzarb muammolaridan biri sanaladi. Chunki o‘qituvchida barcha pedagogik g‘oyalar mujassamlangan bo‘lib, uning faoliyati orqali ular amalga oshiriladi va hayotga tatbiq etiladi. Pedagog kadrlarning ko‘p qirrali va murakkab faoliyati zamirida yosh avlodni odobli, axloqli qilib tarbiyalash, ularni bilimlar bilan qurollantirish kabi muhim vazifalar yotadi. Bularni amalga oshirish esa pedagog kadrlarning samarali faoliyati, ya’ni ularning bolalarni o‘qitish, maktabdan va sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlarni tashkil eta olishi, ota-onalar o‘rtasida pedagogik targ‘ibot ishlarini olib borishlariga bog‘liq. Bular esa o‘z navbatida, pedagog kadrlardan chuqur bilim, sohaga fidoyilik, bolalarni sevish talab etiladi.

Ushbu talablar Ta’lim konsepsiyasida ham o‘z ifodasini topgan: “Mutaxassis malakasi - chuqur umumiy bilim, keng dunyoqarash va kasb tayyorgarligi, kompyuter savodxonligi, o‘z bilimini tezlik bilan yangilash va to‘ldira olish qobiliyati singari omillardan tashkil topadi. Shular qatorida uning intizomi, mas’uliyat, ziyolilik, o‘z ishiga, mamlakati mustaqilligiga, Vatan va jahon taraqqiyoti yo‘lida ezgulik va adolatga sadoqat tuyg‘ularini ham tarbiyalash zarur”.

Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan pedagog kadrlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida qator hujjatlar qabul qilinib, o‘qituvchilarga ko‘pgina imtiyozlar berildi, ularning ish haqlari oshirildi.

Bunday rag‘bat va o‘qituvchi mavqeining oshirilishi ularning faoliyatidagi ko‘nikma, malaka, bilimlarini oshirishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish barobarida ta’lim mazmunini boyitishga ham xizmat qiladi.

Endi o‘qituvchi ish vaqtining 2/3 qismini o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tayyorlash va amalga oshirishga sarf qilishiga to‘g‘ri keladi. Kasbiy tayyorgarlik, davlat tomonidan qo‘yilgan talablarga mos ravishda o‘qituvchi ham ijodkorlik xislatlarini, o‘qitish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq eta olish mahoratini namoyon etishi lozim.

Nafisa ISMOILOVA,

yuridik texnikum psixologi.