Ornitolog-olim qoldirgan ilmiy meros

Davralarda professor-o‘qituvchilar haqida gap borsa, o‘zgalar manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yadigan, shogirdlari, hamkasblari muvaffaqiyatidan quvonadigan bir inson ko‘p eslanadi. Bu kishi kamtar va to‘g‘riso‘z professor Jabbor Laxanovdir.
Jabbor Laxanov 1936 yil 20 mayda Toyloq tumanining Galabotir qishlog‘ida tug‘ilgan. 1954 yilda o‘rta maktabni oltin medal bilan tugatib, O‘zbekiston davlat universitetining biologiya fakultetiga hujjat topshirdi. U talabalik davrida fanga, bilim olishga chanqoqligi bilan kursdoshlaridan ajralib turardi. Kafedraning ilmiy to‘garaklari, talabalar ilmiy anjumanlarida ma’ruzalari bilan chiqishlar qilardi. Yosh talabaning ilmga bo‘lgan chanqog‘ini sezib, kuzatgan taniqli zoolog olim, professor A.Sagitov uni o‘zining ilmiy ekspeditsiyalariga jalb qiladi. 1959 yilda tahsilni tugatgan J.Laxanov kafedra assistentligiga qabul qilindi. Tez orada u aspiranturaga o‘qishga tavsiya etildi.
1961 yilda J.Laxanov sobiq SSSR Fanlar akademiyasi Leningrad bo‘limining zoologiya institutining aspiranturasiga o‘qishga qabul qilindi. Ilmiy rahbari, professor A.Ivanov unga shu vaqtgacha hali o‘rganilmagan Qizilqum sharoitida qushlarning biologiyasi mavzusida ilmiy ish qilishga ruxsat berdi.
Yosh aspirant ikki yil davomida cho‘l sharoitida tabiat bilan yakkama-yakka holda qushlarning uya qo‘yish biologiyasini, adaptatsiya xususiyatlarini o‘rgandi. 1967 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Ikki yil o‘tib unga dotsent, 1992 yilda professor ilmiy unvonlari berildi. 1968 yildan boshlab biologiya fakulteti dekani o‘rinbosari, dekan vazifalarida ishladi. Umurtqalilar zoologiyasi, ornitologiya, zoogeografiya, gerpetologiya kabi maxsus fanlardan talabalarga saboq berdi. Domlaning darslari qiziqarli bo‘lib, uning har bir ma’ruzasi talabalarni o‘ziga rom qilar edi. U fakultet dekani sifatida jamoada ijobiy muhit yaratib, o‘qituvchi va talabalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, ta’limga bo‘lgan munosabatni kuchaytira oldi.
J.Laxanov o‘zining ilmiy-pedagogik faoliyati mobaynida yuzga yaqin ilmiy maqola va risolalar, o‘quv-uslubiy qo‘llanma hamda darsliklarga mualliflik qilgan. Bolgariya, Chexiya, Qozog‘iston kabi o‘nga yaqin mamlakatlarda safarda bo‘lib, ilmiy anjumanlarda ma’ruza o‘qigan.
Professorning ilmiy ishlari asosan Qizilqum va Zarafshon vohasi qushlarining biologiyasi, bioxilma-xilligini saqlash va tabiatni muhofaza qilishga bag‘ishlangan. Uning pedagogik faoliyati o‘quv jarayonini rivojlantirish, darslarning sifatini oshirish, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” asosida talabalar uchun o‘quv qo‘llanmalar, ma’ruza matnlari, elektron kitob va darsliklar yaratishga bag‘ishlandi. Ustoz respublikada birinchilardan bo‘lib davlat tilida “O‘zbekistonning umurtqali hayvonlari aniqlagichi”, “Umurtqali hayvonlar zoologiyasi”, hammualliflikda “Umurtqalilar zoologiyasi fanidan laboratoriya mashg‘ulotlari” o‘quv qo‘llanmalari, shuningdek, lotin alifbosida “O‘zbekistonning umurtqali hayvonlari aniqlagichi” o‘quv qo‘llanmasini chop ettirdi.
Domlaning ilmiy-pedagogik va jamoatchilik ishlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “Mehnat faxriysi” medali, “Oliy maktabda a’lo xizmatlari uchun”, “Xalq maorifi a’lochisi” ko‘krak nishonlari sohibi bo‘lgan.
Taniqli ornitolog-olim 2020 yilda 84 yoshida vafot etdi. Ammo ustozning porloq xotirasi, qoldirgan ezgu ishlari aslo unutilmaydi.
Abdurashid Jabborov,
biologiya fanlari doktori, professori.