OTM rahbari va pedagog kadrlarning malakasini oshirish tizimi takomillashadi

Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Hukumat qarori (797-son, 23.09.2019 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma’lum qilindi.

Qarorga muvofiq 2019 yil 1 oktyabrdan oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimi amaliyotga joriy etiladi.

Ushbu xodimlarning malakasini oshirish markazlarida ta’lim texnologiyalari kafedrasi tashkil etiladi.

Qaror bilan, oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish jarayonlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom ham tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, uzluksiz malaka oshirish jarayoni quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

- mutaxassislik bo‘yicha mustaqil malaka oshirish;

- muqobil malaka oshirish;

- ta’lim dasturlari asosida mazkur kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlarida bevosita o‘qish.