Vazirlik 10 foizli imtiyoz joriy o‘quv yilida o‘qishga kirganlarga taalluqligi haqida rasmiy munosabat bildirdi
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasiga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan talabalarga stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga bir martalik 10 foiz chegirma bonusi berilishi yuzasidan, jumladan, imtiyoz joriy o‘quv yilida o‘qishga kirganlarga taalluqli emasligi haqidagi asossiz xabarlar ko‘plab muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 6-son bayoni bilan bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olib, 2021 yil 1 noyabrga qadar koronavirus infeksiyasiga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan (ya’ni vaksina olgan) talabalarga stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga bir martalik 10 foiz chegirma bonusi berilishi xabar qilingan edi.
Bayonga ko‘ra, 10 foiz chegirma bonusi infeksiyaga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan, to‘lov shartnoma asosida o‘qiyotgan kunduzgi ta’lim shakli bakalavriat va magistraturaning barcha bosqich talabalari uchun beriladi. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lum qildi.
Unutmang, emlash talabalarning yaxshi bilim olishlari bilan bir qatorda o‘zlari hamda professor-o‘qituvchilarning ham sog‘-salomat bo‘lishini ta’minlaydi, deyiladi xabarda.