Abduqodir TOShQULOV: Ming kishilik oshlarimiz bor ekan, OTMlarga imtihonsiz qabul tizimini joriy qilib bo‘lmaydi
Toshkent Besh tashabbus harakati ikkinchi kunida ham hukumat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi davom etmoqda. Xususan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning yoshlar bilan ochiq muloqoti ko‘pchilikning diqqat-markazida bo‘ldi. Unda yig‘ilganlarning asosiy qismi talaba-yoshlardan iborat bo‘lib, ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishga harakat qilishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilardan biri OTMlarga imtihonsiz qabul tizimini joriy qilish taklifini ilgari surib, xorijdagi aksariyat oliygohlarda talabalar o‘quv jarayonida saralab olinishi misol qilib keltirdi.
– Ma’lumki, xorijdagi OTMlarda qabul oson, bitirish qiyin. Bizda esa ko‘pchilikka buning aksi – o‘qishga kirish qiyin, bitirish osondek tuyuladi. Xorijdagidek tartib amal qilinishini men ham xohlayman. Lekin bitta masala: bizda bu o‘zbekchilik-da, 300dan 1000 kishigacha oshlarimiz bor ekan, talabani o‘qishdan chetlatib bo‘lmaydi, menimcha. Gapimning ma’nosini tushundingiz deb o‘ylayman. Lekin bu sizning taklifingiz bo‘lmaydi, degani emas. Biz shunga qarab intilyapmiz.
Qaysi OTMda shaffof muhit bo‘lsa, guruhda yaxshi o‘qigan talaba keyingi kursga o‘tib, o‘qimagani kursdan qolsa, ana o‘sha yerda buni joriy qilsa bo‘ladi.
Men vazir sifatida hozir yana bir taklif bilan chiqyapman. Talabalarni o‘qishga qabul qilishda DTM imtihon qiladi, to‘g‘rimi?! Mening taklifim, bitirayotganida ham davlat attestatsiyalarini DTM o‘tkazsin. Bu o‘qituvchini ham ishlashga majbur qiladi.
Lekin hozircha bu bizga to‘g‘ri kelmaydi. Sababi, boya aytganimdek “bizda oshlarimiz bor” degan jumla zamirida juda katta ma’no bor, - dedi vazir.