O‘zbekiston USAID dan 10 million dollarlik maktab darsliklari uchun litsenziya oldi

AQShning mamlakatimizdagi elchixonasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) 6 avgust kuni O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi xalqaro nashriyotlar ishlab chiqqan ikkita turkum darsliklar uchun litsenziya olganini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, 10 million dollar qiymatli turkum 5-11-sinflar uchun informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar, shuningdek, 1-11-sinflar uchun ingliz tili fanidan darsliklar, ish daftarlari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalardan iborat. O‘zbekiston kontekstiga moslashtirilgan darsliklar 2021/2022 o‘quv yilida 200 ta maktabda 6b5 milliondan ortiq o‘quvchi o‘rtasida taqsimlanib, sinovdan o‘tkaziladi.

Qayd etilishicha, darsliklarga qo‘shimcha ravishda USAID Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘zi moliyalashtiradigan «O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim dasturi» doirasida ishlab chiqilgan ona tili va matematika (1-4-sinflar), shuningdek, informatika va axborot texnologiyalari (5-11-sinflar) fanlaridan ta’lim standartlarini topshirgan.

«Yuqori sifatli ta’lim — taraqqiyotning kuchli drayveri hamda qashshoqlikni kamaytirish va sog‘liqni saqlash, gender tengligi, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning eng kuchli vositalaridan biri. Bolalar bilim olib, muvaffaqiyat qozonsa, ular o‘z hayotini va o‘z mamlakatini o‘zgartiradigan kattalarga aylanadilar», dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum. «Qo‘shma Shtatlar Xalq ta’limi vazirligini va umumiy o‘rta ta’lim sohasida tizimli va keng qamrovli islohotlar dasturiga sodiqligini qo‘llab-quvvatlaydi», deya qo‘shimcha qildi u.

«Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi va hukumatidan, shuningdek, USAIDʼdan ta’lim sohasini isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlarimizning ko‘p jihatlariga doimiy ko‘mak va yordam ko‘rsatgani uchun minnatdormiz», ta’kidladi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Shuningdek, USAID vazirlik islohotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2019 yil sentyabr oyida besh yillik ta’lim tizimini rivojlantirishda ko‘maklashish grant shartnomasini (DOAG) imzolagan. Shartnoma AQSh va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida rivojlanish bo‘yicha birinchi keng qamrovli ikki tomonlama grant shartnomasidir.

Ta’kidlanishicha, bugunga kelib DOAG doirasida 19,5 million dollar ajratilgan. USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit va Sherzod Shermatov DOAG doirasida yana 5,5 million dollar ajratishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha hujjatni imzolagan. Bu mablag‘lar yoshlarning ishga kirishidan oldin ularning tadbirkorligi va ishga tayyorligini oshirish uchun ishlatiladi.