Xalq ta’limi vaziri Samarqand maktablaridagi ta’mirlash ishlari bilan tanishdi
Kecha, 12 iyul kuni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Samarqandda bo‘lib, maktablarda olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Samarqand shahridagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1511 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Ayni paytda maktabning 824 o‘rinli binosi hamda sport zali mukammal ta’mirlanmoqda.
Shuningdek, shahardagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 920 o‘rinli binosida ham bugungi kunda 5 milliard 100 million so‘m miqdoridagi mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, 2020 yilda Samarqandda 53 ta maktabda rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan edi. 2021 yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi.
Bugungi kunda respublika investitsiya, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Davlat dasturlari hamda Prezidentimizning Samarqandga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida Samarqand viloyatida 97 ta maktabda rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, 2 ta yangi maktab qurilayotir.
Xalq ta’limi vaziri maktabdagi qurilish ishlari bilan tanishib, uni sifatli amalga oshirish, yangi o‘quv yiliga qadar tayyor holatga keltirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.