Xalq ta’limi vaziri Samarqandda inklyuziv ta’lim tajribasi bilan tanishdi

Past Darg‘om tumanidagi 75-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Inklyuziv ta’lim tajribasini rivojlantirish” mavzusida o‘quv-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarda ayni paytda Samarqandda bo‘lib turgan Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov qatnashdi.

Vazir alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarning maktablarda tahsil olishda eng avvalo, jamoatchilik fikrini o‘zgartirish, bu borada maktab jamoasi mahalla bilan hamkorlikda muntazam ota-onalar bilan muloqotlar olib borishi kerakligini ta’kidladi.

Seminarda xalq ta’limi vazirligi huzuridagi o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi metodisti S.Mo‘minov inklyuziv ta’limda zamonaviy pedagogik texnologiya va metodlarni qo‘llash masalasida tavsiyalarini berdi. Shuningdek, ishtirokchilarga inklyuziv ta’limga oid me’yoriy huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida tushunchalar berildi.

Respublika Prezidentining 2020 yil 13 oktyabrdagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, viloyatda 2022-2023 o‘quv yilida 16 ta umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim tizimidagi boshlang‘ich sinflar tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni paytda viloyatdagi 5 ta umumta’lim maktabida inklyuziv ta’lim tizimidagi boshlang‘ich sinflar tashkil etilgan. Ularda 12 nafar ta’limga alohida ehtiyoji bor bolalar tahsil olmoqda.