XTV: O‘qituvchilardan sinf jurnalidan boshqa hujjatlarni talab etish qat’iyan man etiladi
Elektron kundalik joriy etilgan maktablarda esa bu hujjat ham faqat elektron shaklda so‘ralishi mumkin. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ma’lum qilindi.
Xabarga ko‘ra, vazirlik mas’ullarni ortiqcha "hujjatbozlik" bo‘yicha qat’iy ogohlantirgan.
“So‘nggi kunlarda o‘qituvchilardan joylarda tekshiruvlar avj olgani, xususan turli hujjatlar taqdim etish talab etilayotgani yuzasidan turli murojaatlar kelib tushmoqda.
Murojaatlarni o‘rganib chiqib Xalq ta’limi vazirligi maktablarda tekshiruvlar amalga oshirish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmaganini ma’lum qiladi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan hududiy xalq ta’limi boshqarmalariga umumta’lim muassasalaridagi mavjud holat va muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etish uchun maktab jamoasiga yordam berish topshirilgan.
Tegishli hujjatlarga muvofiq o‘qituvchilar tomonidan yuritiladigan hujjatlar soni bittagacha qisqartirilganini eslatib o‘tadi.
Shu bois maktabda o‘qituvchilardan faqat sinf jurnali (elektron kundalik joriy etilgan maktablarda elektron shaklda)dan boshqa hujjatlarni talab etish qat’iyan ma’n etilishi haqida qat’iy ogohlantiradi.
Shu o‘rinda ta’lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 197-5-moddasi, shuningdek mansab vakolatini suiiste’mol qilish O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 205-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tamiz.
Agarda sizda yuqorida keltirilgan noqonuniy hujjat talab qilish holatlari uchrayotgan bo‘lsa hudud va maktabingiz to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlar bilan vazirlikning 71 202 09 09 Ishonch telefon raqamlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi vazirlik murojaatida (https://t.me/uzedu/14739).