Sherzod Shermatov: Sinfda 35 emas, 24 o‘quvchi o‘qishini ta’minlash uchun bir o‘quv yilida 9 trillion so‘m kerak bo‘ladi
Kecha, 22 may kuni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Besh tashabbus harakati» yoshlar festivalida davlat byudjeti cheklanganligi sababli sohada ba’zi o‘zgarishlarni amalga oshirish qiyin bo‘layotganini ta’kidlabdi.
- Ilojim bo‘lganida edi... Biroq byudjet cheklangan. Masalan, menga sinfda 35 emas, balki 24 o‘quvchi bo‘lishi kerakligini aytishadi, - dedi Xalq ta’limi vaziri. - Men buni juda xohlardim. Agar hisoblab chiqadigan bo‘lsak, birgina shu ishni bir o‘quv yili davomida bajarish uchun 9 trillion so‘m kerak bo‘ladi. Fizika va matematikani o‘qitishga taxminan 5−6 trillion so‘m ajratilgan. Byudjet cheklovlari tufayli hamma narsani birdaniga amalga oshirish mumkin emas.
Sherzod Shermatov STEM fanlari (fan, texnika, injiniring va matematika)ga qiziquvchi yoshlarga tegishli adabiyotlarni ingliz tilida o‘qishni tavsiya qildi:
- Yaxshi dasturchi bo‘lishni istaganlar, albatta, ingliz tilini o‘rganishlari kerak. Masalan, eng yaxshi IT yangiliklar qayerdan paydo bo‘lishini bilasizmi? Ular Silikon vodiysidan keladi. Keyin ular ikki yil davomida rus tiliga, keyin o‘zbek tiliga tarjima qilinadi. Bu to‘rt yilgacha davom etishi mumkin. Shuning uchun agar biz IT bo‘yicha yangi kitob chiqaradigan bo‘lsak, bu to‘rt yil eskirgan nashr bo‘ladi.
«Gazeta.uz» avvalroq Xalq ta’limi vaziri “O‘zbekistonda o‘quvchilar soni (6,24 million) maktablarning loyihaviy quvvatidan (5,06 million) sezilarli darajada ortib ketgan. Vaziyat shu holda rivojlanib borsa, o‘rtadagi farq 2 millionga yetadi. Maktablarda joy yetishmayotgani va ikki smenali darslar o‘tilayotganiga aholi sonining oshgani va maktablarning 9 yillik ta’limga o‘tkazilgani sabab bo‘lgani va muammoni hal etish bo‘yicha bir qancha takliflarni ilgari surgani”ni eslatgan.