Xalq ta’limi vaziri Bulung‘urdagi “qizil” toifasidagi maktablarda muammolarni o‘rgandi

Samarqanddagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlariga ko‘ra “qizil”, “sariq”, “yashil” maktablar toifalariga ajratildi.

Bulung‘ur tumanida 69 ta umumta’lim maktabi mavjud. Ularning atigi bittasi “yashil”, 13 tasi “qizil” toifasiga kiradi.

“Qizil” toifasidagi aksariyat maktablarda ikki o‘quv yilida birorta ham bitiruvchisi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmaganlari ham bor. Xuddi shunday maktablardan biri tumandagi 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabidir.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Bulung‘urdagi ta’lim sifati salbiy ko‘rsatkichga ega ushbu maktabda bo‘ldi.

2019/2020 o‘quv yilida ushbu maktabni 33 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lib, birortasi OTMga kira olmagan. Afsuski, undan oldingi 2018/2019 o‘quv yilida ham maktabni bitirgan 29 nafar bitiruvchidan birortasi talabalikka tavsiya etilmagan.

Vazir ushbu muammoning sabablari bilan qiziqdi. O‘qituvchilarning o‘z ustida ishlamaganligi, 6 yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan maktab direktorining mas’uliyatsizligi, bitiruvchilarning bilimi va qiziqishi doirasida 5 ta OTMga kirish imkoniyati yaratilgan bir paytda bundan to‘g‘ri  foydalanish bo‘yicha o‘quvchilarga tegishli tavsiyalar yetkazilmaganligi muhokama jarayonlarida ma’lum bo‘ldi.

Tumandagi 51-maktabda ham xuddi shunday salbiy ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Vaholanki, ushbu ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarning moddiy va ma’naviy ta’minoti uchun imkoniyatlar yaratilgan.

Tuman markazidan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan 11-maktabda ta’lim-tarbiya olayotgan 858 nafar o‘quvchining 131 nafari viloyatning har xil tumanlaridan, 106 nafari esa boshqa viloyatlardan kelib o‘qimoqda. Bu maktabda ta’lim sifati, rahbarning talabchanligi va o‘qituvchilarning o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashib kelayotganidan dalolatdir.

O‘tgan o‘quv yilida maktabni 86 nafar o‘quvchi bitirib, ularning 29 nafari, ya’ni 33,7 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Undan oldingi yillar natijasidan 6-7 foizga ortgan. Maktab jamoasi o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllangan bo‘lib, doimiy ravishda malaka va tajribasini oshirish, o‘quvchilar uchun darsdan tashqari qo‘shimcha fan to‘garaklari samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bu, albatta, muassasada erishilayotgan yutuqlar safini kengaytirmoqda.

Sh.Shermatov maktabning ushbu yutuqlarini e’tirof etib, o‘z tavsiyalarini bildirdi. Jumladan, bundan buyon “qizil” toifasidagi maktablarning direktori lavozimiga “yashil”, ya’ni ta’lim sifati ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan maktablarning amalda ishlab turgan o‘rinbosarlari, yosh, tashabbuskor, bilimli, rahbarlik qobiliyatiga ega bo‘lgan fan o‘qituvchilari nomzodini xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarida uch yillik rivojlantirish dasturlarini himoya qilgan holda lavozimga tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi. Bu borada Samarqandda dastavval “Bulung‘ur tajribasi” yo‘lga qo‘yilib, 11-umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosarlari va ilg‘or tajribaga ega, bilimli va yuqori kasbiy mahoratli, yosh o‘qituvchilarning nomzodi “qizil” toifasidagi muassasalar direktori lavozimiga tavsiya etiladigan bo‘ldi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.