Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasidan kimlar ustama olishi mumkin?
Joriy o‘quv yilidan ilg‘or pedagog kadrlarga Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasidan ustama berish yo‘lga qo‘yilmoqda. Xo‘sh, bunday ustama kimlarga beriladi?
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi “Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq xalq ta’limi tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va o‘quvchilari yuqori natijalarga erishgan malakali pedagog kadrlarning mehnatini rag‘batlantirish ko‘zda tutilmoqda. Qarorga ko‘ra, respublika bo‘yicha eng ilg‘or 2000 nafar o‘qituvchiga 9 oy davomida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 barobarida ustama to‘lab beriladi.
Ustama olish uchun xalq ta’limini isloh qilish bo‘yicha hududiy kengashlar tomonidan beshta yo‘nalish bo‘yicha (boshlang‘ich ta’lim, ijtimoiy fanlar, xorijiy til fanlari, aniq va tabiiy fanlar, amaliy fanlar pedagoglari) nomzodlar taqdim etiladi.
Bunda tuman (shahar) xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha hududiy kengashlar tomonidan beriladigan nomzod kasbiy mahorati yuqori bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, 2021-2022 o‘quv yili natijasiga ko‘ra, maktab boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari natijasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, 2021-2022 o‘quv yili natijasiga ko‘ra, pedagog o‘qitgan maktab bitiruvchilarining DTM test natijasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lishi talab etiladi.
Saralab olingan nomzodlar o‘rtasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan birinchi bosqichda test olinadi, test natijalariga ko‘ra, o‘zlashtirish 80 foizdan past bo‘lmagan o‘qituvchilar bilan ikkinchi bosqichda suhbat o‘tkaziladi.
Kecha, 16 dekabrdan barcha hududlarda Davlat test markazi tomonidan nomzodlarning dars beradigan umumta’lim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlari boshlandi. Viloyat bo‘yicha tuman(shahar) xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha hududiy Kengashlar tomonidan ko‘rsatilgan 418 nafar nomzod test sinovlarida ishtirok etmoqda. Ular orasidan 80 balldan yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan pedagog xodimlar Xalq ta’limi vaziri ustamasi uchun o‘tkaziladigan imtihonlarning ikkinchi bosqichida ishtirok etadi. Ikkinchi bosqichdan eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga har oylik ustama to‘lanadi.
Savolga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Baxtigul Qarshiyeva javob berdi.