Xalq ta’limi vaziri o‘qituvchilar, ota-onalar va jamoatchilikka murojaat qildi

Hurmatli o‘qituvchilar, ota-onalar va xalq ta’limi tizimiga befarq bo‘lmagan jamoatchilik vakillari!

Xabaringiz bor Xalq ta’limi vaziri sifatida faoliyat boshlagan ilk kunlarda xalq ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi 5 yillik Milliy dastur ishlab chiqilayotgani munosabati bilan sizlardan xalq ta’limi tizimini rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalar so‘ragan edik.

Quvonarlisi, o‘tgan vaqt mobaynida xalq ta’limi tizimiga befarq bo‘lmagan fuqarolardan 7 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Takliflarning qariyb 25 foizi ota-onalar, 70 foizi tizim xodimlari va 5 foizdan ortig‘i boshqa fuqarolardan kelib tushgan. Vazirlik jamoasi bilan birgalikda sizlardan kelib tushgan har bir taklif va mulohazalarni o‘rgandik va tahlil qildik.

Tahlillardan ma’lum bo‘ldiki, ota-onalarning aksariyat qismi sinflarda o‘quvchilar sonini kamaytirish, pedagog xodimlarning sifat darajasi, o‘qituvchilar va sinf xonalarning yetishmasligi, shu bilan birga darsliklar sifati va darsliklarning yetishmasligi haqida taklif bildirgan. Tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlar esa asosan o‘qituvchi maqomini oshirish, pedagoglarning dars stavkalarini boshlang‘ich sinflarda 18 soatdan 16 soatga tushirish, dars taqsimoti, oylik ish haqi va sertifikatsiyalash tizimi kabi ko‘plab takliflarini yo‘llagan.

Siz tomondan yuborilgan har bir taklifning ahamiyatini inobatga olib, ularning barchasi vazirlik jamoasi tomonidan o‘rganilib, 2022-2026 yillarda maktab ta’limi rivojlantirish Milliy dasturi loyihasiga kiritildi va yaqin yillarda joriy qilinadi.

Bugun davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ta’lim-tarbiya sohasida yangi davr boshlangan. Uni yanada yuksaltirish faqat va faqat o‘zimizga, hamjihatligimizga va kelajak avlodning salohiyatli va bilimli bo‘lib ulg‘ayishi uchun qattiq mehnat qilishimizga bog‘liq.

Hayotini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnati har qanday yuksak bahoga munosib va biz bunga erishish uchun barcha kuchimizni safarbar etamiz.