BMT minbarida yangragan haqiqat: O‘zbekiston hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdori

Davlatimiz rahbarining BMT Bosh assambleyasi 80-sessiyasida so‘zlagan nutqini qiziqish bilan tingladik.
Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ustuvor maqsad sifatida mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirish ekanligini yana bir bor ta’kidladi.
Ayniqsa, pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish, gender tenglik, Markaziy Osiyodagi barqarorlikni ta’minlash borasidagi qo‘shnichilik aloqalari va Bosh assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyusiyasini qabul qilishni taklif etgani yurtimizning ijtimoiy davlat sifatida olib borayotgan siyosatining yorqin namunasi bo‘ldi.
Darhaqiqat, qo‘shni mamlakatlar bilan yillar davomida muammo bo‘lib kelgan chegara masalalari Prezidentimiz tashabbusi bilan to‘liq bartaraf etildi. Bugun mintaqamizda o‘zaro ittifoqchilik, yaqin qo‘shnichilik aloqalarining o‘sib borayotganligi xalqaro minbarlarda e’tirof qilinyapti.
Bundan tashqari, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish borasida afg‘on xalqining tinch-osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi, G‘azo sektorida tobora keskinlashib borayotgan gumanitar inqirozni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmasligi, BMT rezolyusiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishni, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish taklifining bildirilgani ham Davlatimiz rahbarining naqadar tinchlikparvar inson ekanligiga isbotdir.
O‘z nutqida davlatimiz rahbari yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib, ularning qalbi va ongiga tinchlik, do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi olijanob g‘oyalarni singdirish, buning uchun “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifi dunyo yoshlarini quvontirgani rost.
Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon, Albaniya Prezidenti Bayram Begay, Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn, Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel bilan olib borgan uchrashuvlari ham mamlakatimizda barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatining ustuvorligini namoyish etdi.
Tadbirlar oldidan Prezidentimiz 50 dan ortiq xalqaro moliyaviy institutlar va AQShning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlar davomida umumiy qiymati 100 milliard dollardan ziyod bo‘lgan shartnomalar, istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilgani ham mamlakatimizga yirik kompaniyalarning qiziqishi yuqori ekanligidan dalolat.
Xolbek KUBAYeV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari.