O‘zbekiston oilalari qanchalik baxtli?

2022 yilda "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan oilalarning baxtlilik indeksi ishlab chiqildi. Mazkur indeks bo‘yicha tadqiqotlar doimiy yuritiladi.
2025 yilda Respublikaning 14 ta hududida o‘tkazilgan so‘rovlar va rasmiy statistika ma’lumotlari asosida hisoblangan indeks mamlakat oilalari hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarni, shu bilan birga, e’tibor qaratish lozim bo‘lgan sohalarni ham ko‘rsatib berdi.
Ijobiy dinamika: Umumiy baxtlilik oshmoqda
Baxtlilik indeksi minus 1 dan plyus 1 oralig‘ida o‘lchangan bo‘lib, O‘zbekiston bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichda ijobiy dinamika kuzatildi:
2023 yil: Indeks +0,56 ballni tashkil etgan.
2025 yil: Indeks +0,611 ballga yetgan.
Demak, ikki yil ichida oilalarning umumiy baxtlilik indeksi +0,051 ballga ko‘paygan. Bu o‘sish O‘zbekiston oilalarining aksariyati hayotga ko‘tarinki ruh va kelajakka ishonch bilan qarayotganini, qiyinchiliklarni shukronalik hissi bilan yengib o‘tayotganini tasdiqlaydi.
Baxt bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar
2025 yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston oilalarining baxtlilik indeksida uchta asosiy indikator yetakchilik qilmoqda. Bular aynan o‘zbek xalqiga xos ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘liq:
Demografik barqarorlik: +0,833 ball
Oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati: +0,791 ball
Oilaviy hayotdan qoniqish va baxtni his qilish: +0,734 ball
Ushbu natijalar farzandlarning borligi, oiladagi samimiy munosabatlar, g‘amxo‘rlik va milliy qadriyatlarga sodiqlik oilaviy baxtning asosiy poydevori bo‘lib qolayotganini isbotlaydi.
Tadqiqot natijalari asosiy indikatorlarda ya’ni ta’lim olish imkoniyatlari(+0,31), ish bilan ta’minlanish darajasi(+0,22), davlat organlari faoliyatidan qoniqish(+0,13), demografik barqarorlik(+0,01), oilaviy holatdan qoniqish(+0,07), oilpviy qadriyatlar(+0,07) o‘sishni ko‘rsatdi.
Ayniqsa, ta’lim (+0,31) va ish bilan ta’minlanish (+0,22) bo‘yicha sezilarli o‘sish aholiga berilayotgan imkoniyatlarning kengayishidan dalolat beradi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda oila baxtining asosi mustahkam qadriyatlar va samimiy munosabatlar bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, hayotdan qoniqish hissi, insonning iqtisodiy farovonligi va mehnat faoliyatidan qoniqish darajasiga bevosita bog‘liq bo‘lib bormoqda.
Bu natijalar mamlakatda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat naqadar to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi. Yosh oilalarni uy bilan ta’minlash, ayniqsa, xotin-qizlarga ta’lim imtiyozlari berish, tadbirkorlik faoliyati va qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni davom ettirish va kuchaytirish zarur. Aholining ma’naviy va ijtimoiy kapitalini saqlagan holda, iqtisodiy farovonlik darajasini oshirish – O‘zbekiston oilalarining baxtlilik indeksini kelgusida yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishga hissa qo‘shadi.