O‘zbekiston va Rossiya turizm sohasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qilmoqda
“Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston turizmi yili” doirasida Turizm qo‘mitasi hamda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ko‘magida Moskva shahridagi ko‘rgazmalar majmuasida mamlakatimizning sayyohlik salohiyatining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyadagi 60 dan ortiq turizm biznesi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, yangi sayyohlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Tadbirlar davomida «RussianTraveler» jurnalining O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus soni taqdim etildi.
“O‘zbekiston – Sharq ertagi” rangli tasvirlangan nashri o‘quvchilarga O‘zbekistonning barcha viloyat va shaharlariga tashrif buyurishning jozibali jihatlarini to‘liq ochib beradi, shuningdek, o‘zbek xalqining boy madaniyati, an’analari, go‘zal manzaralari, oshxonasi va mehmondo‘stligi haqida so‘z boradi.
«RussianTraveler»ning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni 2 milliondan oziyod, rasmiy sahifasi esa oyiga taxminan 4 million marta ko‘riladi.
Ikkita mamlakatning turizm sektori vakillari uchun tajriba almashish va yangi biznes aloqalarini o‘rnatish maqsadida B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar tashkil etildi.