“O‘ZBEKISTON XALQI” DEB BOShLANADI...

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining raisi Olimjon HAYITOV bilan suhbat

- Olimjon aka, avvalambor, ulug‘ bayram bilan tabriklayman! Vatanimizning Asosiy Qonuni yurtimiz taraqqiyotiga, porloq kelajagiga yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilaversin!

- Rahmat, aytganingiz kelsin! Darhaqiqat, Asosiy Qonunimizni qancha o‘rgansak, shuncha ma’no topaveramiz. Bu uning mukammalligidan darak beradi.

Eng muhim jihatlardan biri shuki, Konstitutsiyamiz “O‘zbekiston xalqi” deb boshlanadi. Bunday jumlalar boshqa biror bir qonunda uchramaydi. Shuning o‘zi ham xalq hokimiyatchiligining yorqin dalolatidir.

Konstitutsiyamiz qabul qilinishdan oldin ikki marotaba xalq muhokamasiga qo‘yildi, yurtdoshlarimiz xohish-irodasi bilan boyitildi. Umumxalq muhokamasi davomida Konstitutsiya loyihasi yuzasidan 6 mingdan ortiq taklif va mulohaza bildirilgan.

Bosh Qomusimiz muqaddimasida mamlakatimiz fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilish, demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash asosiy maqsad ekanligi ta’kidlangan. Ya’ni, Konstitutsiyamizning asosiy mohiyati insonga munosib hayot sharoitlari yaratish, uni baxtli qilishdan iborat. Unda “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”, “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar” kabi davlatning majburiyatlari mustahkamlangan.

Asosiy qonunimizda “demokratiya” va “demokratik” so‘zlari 7 marta, “xalq” so‘zi 24 marta qo‘llangan.

Qayd etish joizki, o‘tgan 28 yil mobaynida Konstitutsiyamizning asosiy prinsiplari, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari, jamiyat va shaxs munosabatlari, ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishiga oid normalari o‘zgarmadi. O‘tgan davr mobaynida unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa-da, u ham mamlakatimizda konstitutsiyaviy prinsip bo‘lgan xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, davlat hokimiyatini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatishida fuqarolarning bevosita va bilvosita ta’sirini oshirish, parlamentning davlat ichki va tashqi siyosatidagi rolini kengaytirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda konstitutsiyaviy va odil sudlovning o‘rnini yanada mustahkamlashga oid tuzatishlardir.

Qadimgi Rim yuristlari, qonun qisqa, lo‘nda bo‘lishi lozim, deyishgan. Dunyoda eng ko‘p ishlatilgan so‘z konstitutsiya Hindistonga tegishli bo‘lib, unda 146 ming 385 so‘z ishlatilgan. AQSh konstitutsiyasida 7 ming 762, Fransiya konstitutsiyasida 10 ming 180 so‘z ishlatilgan. O‘zbekiston Konstitutsiyasida esa 7 ming 550 so‘z qo‘llanilgan.

Qadimdan huquqshunoslikda “huquq, qonun hushyor, ogoh, g‘ayratli odamlar uchun yoziladi, g‘aflatda qolganlar uchun emas. Kim huquqlaridan foydalanmasa, ko‘rgan zarari uchun o‘zi aybdor” degan qarashlar mavjud.

Shunday ekan, Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda kafolatlangan huquqlardan har birimiz o‘z o‘rnida foydalana olsak, hamisha, har yerda huquqlarimiz ta’minlanishiga erishamiz.

- Odil sudlovni mustahkamlash uchun konstitutsiyaga o‘zgartish va tuzatishlar kiritildi, dedingiz. Demak, sud-huquq islohotlarining samarali bo‘lishi uchun hattoki konstititsuyaga ham o‘zgartirish kiritiladi.

- Albatta. Chunki qonunchilik inson huquq va erkinliklarini himoyalashi lozim. Inson huquqlari himoyasini esa odil sudlovsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Inson huquqlari va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish sudlar zimmasiga yuklatilgan. Shuning uchun ham sudlarning mustaqil, xolis va adolatli faoliyat yuritishiga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob va 128 moddadan iborat. O‘z ichki tuzilishi bilan O‘zbekiston Konstitutsiyasi jahon konstitutsiyaviy amaliyotiga to‘la mos keladi. Uning asosiy mantiqiy yo‘nalishi inson - jamiyat - davlat manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.

Konstitutsiyamizda alohida XXII bob ajratilgan bo‘lib, bu bob “O‘zbekiston Respublikasining sud hokimiyati” deb nomlanadi. Ushbu bobda 11 modda, sud hokimiyatiga taalluqli eng muhim jihatlarni qamrab olgan.

Jumladan, sudyalar mustaqildirlar, ular faqat qonunga bo‘ysunadilar, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi, deb qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Sud mustaqilligi odil sudlovni amalga oshirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Aynan sud ishdagi holatlarni har tomonlama va xolisona o‘rganishi hamda adolatli qaror chiqarishi orqali shaxsning buzilgan huquqlarini qonun yo‘li bilan tiklaydi. Sudyalar chinakam erkin va aralashuvlardan xoli bo‘lsagina, sudning qonuniy himoyasi to‘liq va samarali amalga oshishi mumkin.

O‘tgan davr mobaynida Konstitutsiyamiz normalari mazmuniga ko‘ra, sudning mustaqilligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya etishga xizmat qiladigan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ya’ni, sud tizimi ijro etuvchi hokimiyat organlarining nazorati va ta’siri ostidan chiqarildi. Sudlarning vakolatlari kengaytirilib, o‘ziga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod etildi. Jumladan, jinoyat ishini qo‘zg‘atish, jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosalarini e’lon qilish vakolatlari sudlar zimmasidan soqit qilindi.

- Bu o‘zgarishlar, islohotlar ijrosi oson emas. Demak, kadrlar masalasi, bilimli va tajribali sudyalarga ehtiyoj oshadi.

- Xuddi shunday. Keyingi yillarda sud tizimini malakali, yetuk kadrlar bilan ta’minlashda sudyalik lavozimiga kadrlarni tanlash va tavsiya etish bo‘yicha zamonaviy demokratik tamoyillarga asoslangan huquqiy mexanizm yaratildi, sudyalik lavozimiga nomzodlarning kasb tayyorgarligiga nisbatan malaka talablari kuchaytirildi. Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi ta’sis etildi.

Sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Shu jihatning o‘zi tarixiy voqea bo‘ldi. Ilgari sudyalar faqat 5 yil muddatga tayinlanar edi. Tajribali sudyalar ham turli sabablar bilan keyingi muddatga o‘tolmay qolishi ko‘p uchrardi. Endilikda avvaliga besh yil, keyin 10 yil muddatga tayinlash, so‘ngra umrbod tayinlash tartibi joriy qilindi. Bu tartib albatta o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Shu asnoda sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mustaqilligining kafolatlari yanada kuchaytirildi.

Sudyaning mustaqilligi uning ijtimoiy ta’minotiga ham ko‘p jihatdan bog‘liq. Bugungi kunda sudyalarning ta’minoti, ya’ni oylik maoshi ham sezilarli darajada oshirilmoqda.

Binobarin, sudyalarimiz ham olib borilayotgan islohotlar oldida mas’uliyatni chuqur anglagan holda xolisona, xalqparvar bo‘lishlari, adolatli ish olib borishlari, adolatli qaror chiqarishda avvalo xalqni, uning hayoti va dardu tashvishlarini yaxshi anglab, uni qalban his qilishi lozim bo‘ladi.

- Nihoyasiga yetayotgan 2020 yil ham sudlar faoliyati uchun tarixiy o‘zgarishlarga boy bo‘ldi. Sohadagi eng yangi va muhim o‘zgarishlar haqida gapirib bersangiz.

- O‘zbekistonning o‘rni tegishli xalqaro reytinglarda pastligicha qolmoqda, bu esa sud tizimi va uning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish lozimligidan dalolat beradi.

Xususan, qonun ustuvorligi indeksi bo‘yicha - 92 o‘rin, shundan "Fuqarolik odil sudlov" indikatori - 72, "Jinoiy odil sudlov" - 66 o‘rin.

Joriy yilning 24 iyul kuni Prezidentimiz tomonidan "Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish, odil sudlov samaradorligini oshirish va sudyalar mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmon imzolandi.

Tarixiy hujjat sifatida e’tirof etilayotgan mazkur farmonda sud tizimida bir qator tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar nazarda tutilgan bo‘lib, ular inson huquq va manfaatlarining sud orqali ishonchli himoyasini yanada kuchaytirish, sud tizimini ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga moslashtirishga ko‘maklashadi.

Farmon talabiga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlari birlashtirilib, ularning negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi.

Birinchidan, har bir viloyatda jinoiy, fuqarolik va iktisodiy sudlarning alohida-alohida faoliyat yuritishi, bir-biridan mustaqil ish ko‘rishi fuqarolar va tadbirkorlarning u suddan-bu sudga qatnayverib, sarson bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Bu turli noroziliklarni keltirib chiqarmoqda.

Ikkinchidan, sudlarda yagona sud amaliyotini shakllantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Masalan, muayyan qonun normasi sudlar tomonidan turli xil talqin etilmoqda, bu o‘z navbatida sud qarorlari sifatiga ta’sir qilmoqda, oxir oqibat fuqarolarning huquq va manfaatlarini qonuniy muddatlarda ta’minlash tamoyili buzilmoqda.

Uchinchidan, o‘rta bo‘g‘in umumiy yurisdiksiya sudlarining alohida faoliyat yuritishi xalqaro standartlar talabiga ham javob bermaydi. Xorijiy davlatlarda o‘rta bo‘g‘in umumyurisdiksiya sudlari fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha yagona sud sifatida faoliyat yuritadi.

Endilikda yangi joriy etiladigan sudlar tuzilmasida bitta rais va uning jinoyat, fuqarolik hamda iqtisodiy ishlar bo‘yicha qat’iy ixtisoslashgan o‘rinbosarlari bo‘ladi, bu sudlarning boshqaruv tizimini takomillashtiradi, fuqarolarning muammosi shu viloyatning o‘zida hal bo‘lishi ta’minlanadi.

Hozirgi kunda har bir viloyat sudida 4 nafardan 15 nafargacha sudya faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, yangi tashkil etilayotgan umumyurisdiksiya sudlarida 19 nafardan 47 nafargacha sudya ishlaydi. Mazkur birlashtirishdan so‘ng shtatlar soni deyarli uch baravar oshsa, ish yuklamalari ham to‘g‘ri taqsimlanadi, ishlarning bir viloyatdan ikkinchisiga olib berilishi natijasida fuqarolarning sarsongarchiliklariga barham beriladi.

Ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali sud tizimiga "bir sud - bir instansiya" tamoyilini joriy etish, xususan sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti tugatiladi, bir sudda ishlarni ikki bosqichda (birinchi hamda apellyasiya yoki kassatsiya) ko‘rish amaliyotiga barham beriladi.

- Sudlar faoliyatiga ham zamonaviy axborot-kommunikatsiyalarni joriy etish borasida yangiliklar bo‘lyapti. Samarasi sezilyaptimi?

- Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad sudlar faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini ta’minlash, sudlarda ish yuritish sifatini va aholining odil sudlovga erishish darajasini oshirishdan iborat.

Sudlov faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etila boshlangani fuqarolarning sud bilan bog‘liq ishlarini tez va qulay, ortiqcha sarsongarchiliksiz amalga oshirish imkonini bermoqda. Sudlov faoliyatini yanada takomillashtirish va unga zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy etish maqsadida 2020 yil 3 sentyabrda Prezidentimizning "Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Qarorda sudda ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida vazirlik va idoralar bilan ma’lumot almashinuvi asosan qog‘oz shaklida amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi. O‘z-o‘zidan bunday tartibning amalda bo‘lishi ko‘rilayotgan ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish uchun ko‘proq muddat talab etib, sudlar tomonidan nizoli vaziyatlarni tezroq hal etish hamda ko‘rib chiqiladigan ishlar hajmining ko‘payib ketishining oldini olishga to‘sqinlik qilmoqda.

Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish maqsadida ushbu hujjat bilan sudlar faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari belgilandi. Xususan, fuqarolar va tadbirkorlarga keng imkoniyat va erkinlik yaratish uchun ularga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlari kengaytiriladi, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish ta’minlanadi, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalaniladi, shu bilan birga sudyalar hamjamiyati faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida maxsus axborot dasturlari joriy etiladi. Taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish ham belgilangan bo‘lib, bu fuqarolarning vaqtini tejab, qo‘shimcha qulaylik yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

- Barcha qonunlarimiz asosi, bo‘lgan Konstitutsiyamizning xalqparvarligi beqiyosdir. Yutuqlarimizni aynan Konstitutsiyamiz bilan bog‘lasak hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

- Albatta. Konstitutsiyamiz biz uchun burch va majburiyatlarimiz majmuasigina emas, balki, hayotimizni farovon etish, uni chinakam qonuniy asosga qurish, o‘z haq-huquqlarimizni ta’minlash, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini o‘rnatish manbaidir. Bu olijanob maqsadlarga erishish uchun barchamiz, avvalo, Konstitutsiyamiz va qonunlarimizning tub mohiyatini anglab yetishimiz va ularni hayotga tatbiq etish yo‘lida birgalikda qat’iyat bilan kurashmog‘imiz lozim.

Yildan-yilga hayotimizda Konstitutsiyamizga munosabat o‘zgarib, unga hurmatimiz oshib bormoqda. Sababi, barchamiz bir haqiqatni anglab, tushunib bormoqdamiz - bugun jamiyatimizda qanday yutuq va marralarga erishayotgan bo‘lsak, bularning poydevorida Konstitutsiyamiz turibdi. Biz jamiyatimizda chindan ham adolat va haqiqat hukmronligini o‘rnatmoqchi ekanmiz yurtimizda korrupsiya, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik kabi unsur va illatlardan xalos bo‘lishimiz shart. Konstitutsiya va qonunlarimizga itoat etish, qonun ustuvorligini ta’minlashimiz zarur.

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Suhbatdosh: Sadriddin NABIYeV.