O‘zbekistonda maktab direktorligiga nomzodlardan menejerlik sertifikati so‘raladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori loyihasini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktor lavozimiga nomzodlar menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitiladi. Menejerlik o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar menejerlik sertifikatini berish bo‘yicha yakuniy sinovlarga qo‘yiladi.
Nomzodlar uchun yakuniy sinovlar bevosita ishtirok etish shaklida maxsus jihozlangan xonalarda qog‘oz yoki elektron shaklda o‘tkazilishi mumkin. Yakuniy sinovlar 25 ta test, keys hamda amaliy topshiriqlardan iborat tarzda shakllantiriladi. Bajarish uchun jami 120 daqiqa vaqt beriladi.
Yakuniy test sinovlar uchun 50 ball, keys topshiriqlari uchun 10 ball va amaliy topshiriqlar uchun 40 ball, jami 100 ball beriladi. 70 balldan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar yakuniy sinovni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi va ularga QR-kod qo‘yilgan elektron shaklda menejerlik sertifikati beriladi.
Menejerlik sertifikati 5 yil davomida amal qiladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan menejerlik sertifikatiga ega nomzodlardan maktab direktorlari zaxirasi shakllantiriladi.
Bunda, maktab direktorlarining vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.