O‘zboshimchalik bilan olib borilayotgan qurilish to‘xtatildi
20 aprel kuni zarnews.uz saytida «Yolg‘on ustiga qurilayotgan imorat yoki deputat so‘roviga munosabat shumi?» sarlavhali maqola e’lon qilindi. Maqola yuzasidan viloyat qurilish bosh boshqarmasining mutaxassislari joyiga chiqqan holda qurilish ishlarini o‘rgandi va o‘zboshimcha qurish ishlarini to‘xtatdi.
Samarqand shahar hokimining 2020 yil 28 avgustdagi qaroriga asosan “SHAXRUZ OBOD QURUVCHI” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga «Geologlar» mahallasi Ibn Sino ko‘chasi 1,2 va 6-uyga tutash yer maydonida davlat xususiy sheriklik asosida ikki qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosini qurishga ruxsat berilgan. Binoning birinchi qavatidan 140 kvadrat metr qismini mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosi sifatida shahar hokimligi balansiga topshirish sharti bilan 250 kvadrat metr yer maydoni ajratilgan.
Qarorning 3-bandida korxonaga qurilish loyihasini ishlab chiqish va “Arxitektura-shaharsozlik kengashi” bilan kelishish vazifasi yuklatilgan.
Qarorning 6-bandida qurilish korxonasi bitim asosida o‘z zimmasiga olgan majburiyat va talablarni bajarmaganda yoki qisman bajarilmaganda ushbu qaror o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanishi belgilangan. Shahar hokimining ushbu qarori bilan qurilishga ruxsat berilgan yer maydoni doirasidan ortiqcha maydonni egallab olmasligi va qurilish ishlarini olib bormasligi haqida ogohlantirilgan.
Samarqand shahar hokimining shu qarori asosida viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2021 yil 7 aprelda arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i (ART) ishlab chiqilgan. Mazkur arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i faqat loyihalashtirish ishlarini amalga oshirish uchun huquqiy hujjat hisoblanib, qurilish-montaj ishlarini boshlashga asos bo‘la olmasligi ko‘rsatilgan. Biroq qurilish korxonasi viloyat qurilish bosh boshqarmasining 2021 yil 9 apreldagi ogohlantirish xatini jamiyat rahbari Sh.Azimov imzolab olgan bo‘lsa-da, qurilishni davom ettirgan. Maqolada esa jamiyat ish boshqaruvchisi (prorab) ogohlantirishdan bexabar ekanligi aytilgan. Jamiyat quruvchilari viloyat qurilishda nazorat inspeksiyasining ham bir necha bor ogohlantirishlariga e’tibor bermasdan qurilishni davom ettirgan.
Ya’ni, “SHAXRUZ OBOD QURUVCHI” mas’uliyati cheklangan jamiyati shahar hokimining 2020 yil 28 avgustdagi 553-Q-sonli qarorining 3-bandi ijrosi ta’minlanmagan. Ya’ni, shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan qurilish ishlarini olib bormoqda. Shu bois, shahar hokimining 2020 yil 28 avgustdagi 553-Q-sonli qarorining 6-bandiga asosan mazkur qarorni qayta ko‘rib chiqish hamda olib borilayotgan qurilish ishlariga qonunda belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rishlik uchun Samarqand shahar hokimligi va Samarqand shahar prokuraturasiga yuborildi.
Viloyat qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati.