Uy-joy qurilishida o‘zibo‘larchilik: bu yil topshirilishi kerak bo‘lgan ayrim uylarning hali yarmi ham bitmagan
2024 yil 30 apreldagi “2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga asosan joriy yilda viloyat bo‘yicha 11300 xonadonli 182 ta ko‘pqavatli uyni foydalanishga topshirish belgilangan.
Uy-joylarni topshirish muddatlari esa Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.
Viloyat hokimi boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uy-joylar masalasi o‘rganib boshlangan bir oydan ortiq vaqt davomida atigi 1015 xonadonli 21 ta uy foydalanishga topshirilib, jami uylar soni 37 taga (19 foiz) yetgan.
Toyloq, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Qo‘shrabot tumanlarida yil boshidan buyon bironta ham uy foydalanishga topshirilmagan.
Reja bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston” massivlarida yildan yilga o‘tuvchi 1468 xonadonli 37 ta uy, jumladan, Bulung‘urda 20 ta (431 xonadonli), Urgutda 17 ta (1037 xonadonli) uyni iyun oyida foydalanishga topshirish belgilangan bo‘lsa-da, faqat Bulung‘urda 170 xonadonli 8 ta uy topshirilgan, xolos.
Past Darg‘om tumani “Eski Juma” mahallasida "Piramida golden rich" MChJ tomonidan qurilayotgan 40 xonadonli uy qurilish ishlari hanuzgacha qurilish nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. “Ipoteka bank” ATB tomonidan Bulung‘ur tumanidagi quruvchi “Bulung‘ur Tover” MChJga 12 milliard so‘m kredit ajratilmagan. Uy-joylar belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmaganligi sababli subsidiya xabarnomasini olgan 1414 nafar fuqaro quruvchilar bilan shartnoma tuza olmagan.
Dastur asosida qurilayotgan uy-joylar tahlil qilinganda, ko‘p uylarda qurilish ishlari juda sust olib borilayotganligi, pudratchilar tomonidan qurilish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi aniqlandi.
Urgut tumani “Yangi O‘zbekiston” massivida xususan, “Radjabov Ilhom Asatillayevich”, “Buxoro Inshoot Grup”, “Grinvey bild konstrakshn”, “Javohir Navoiy”, “Inshoot development Tim” MChJlar tomonidan qurilayotgan bittadan uyda hatto poydevor ishlari yakunlanmagan, qurilish ishlari 10-15 foizni tashkil qiladi. Aslida 2023 yilda foydalanishga topshirilishi belgilangan uy-joylar 2024 yilda ham topshirilmasdan qolmoqda.
Bulung‘ur tumani “Yangi O‘zbekiston” massividagi “Bulung‘ur Tover” MChJ tomonidan qurilayotgan 2 ta uyda qurilish ishlari 2-3 qavat g‘isht terish holatida to‘xtab qolgan. “Ipoteka bank” tomonidan kredit mablag‘lari ajratib berilmaganligi sababli 3 ta 100 xonadonli uyning qurilish ishlari yakunlanmagan.
Kattaqo‘rg‘on tumanida Mirzo Ulug‘bek mahallasida “Mejik Speyc” MChJ tomonidan qurilayotgan 1 ta 50 xonadonli uyning qurilishi sust olib borilmoqda.
“Kattaqo‘rg‘on maxsus qurilish” MChJ tomonidan qurilayotgan 20 xonadonli 1 ta uyda 3-qavatda qurilish ishlari to‘xtab qolgan.
Payariq tumani Bunyodkor mahallasida “Azamxon texno stroy” MChJ tomonidan qurilayotgan 45 xonadonli uyning 5-qavatida g‘isht terish ishlari yakunlanmagan, ishlar juda sust olib borilmoqda.
Viloyat hokimi qo‘shimcha ishchi guruhlar jalb etib, qurilish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Asosiysi, sifat, belgilangan muddat va narx bo‘yicha nazorat ishlarini olib borilishi zarurligini bildirdi. Shuningdek, subsidiya olgan fuqarolar va quruvchilar o‘rtasida shartnomalar masalasini nazoratga olish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.