Uy-joy va avtomobil ijarasi bo‘yicha minimal stavkalar oshadi
2023 yilda jismoniy shaxslar uchun turar va noturar joylarni hamda avtotransport vositasini ijara berishning eng kam stavkalari barcha hududlar uchun 10 foiz atrofida oshiriladi.
Moliya vazirligi 2023 yilgi byudjet qonuni loyihasini e’lon qildi. Unda 2023 yil uchun mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari ham ko‘rsatilgan.
Toshkent shahrida turar joy binolarini ijaraga berishning eng kam stavkalari 1 kv/m uchun oyiga 17 ming so‘m, noturar joylar uchun esa 35 ming so‘m etib belgilanyapti. O‘tgan yilga nisbatan stavka 10 foizga oshyapti.
Ma’lumot o‘rnida, 60 kvadrat maydonga ega xonadonni 1 mln 20 ming so‘mdan (60x17 000) arzon narxga rasman ijaraga berib bo‘lmaydi. Ijara shartnomasidagi summa ijaraga beruvchining daromadini soliqqa tortishda hisobga olinadi (daromad solig‘ining stavkasi – 12 foiz).
Nukus shahri va viloyatlar markazlarida turar joylar ijarasining minimum qiymati 1 kv/m uchun oyiga 9 500 so‘mdan 10 500 so‘mga, noturar joylar ijarasi esa 18 500 so‘mdan 20 500 so‘mga oshyapti.
Boshqa aholi punktlarida 2022 yilda turar joylar ijarasining eng kam stavkasi 4000 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, kelgusi yildan bu miqdor 4500 so‘m bo‘ladi.
2023 yilda yengil avtomobil ijarasining eng kam stavkasi 630 mingdan 695 ming so‘mga oshyapti.
2022 yilda mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillar ijarasi stavkasi 1 250 000 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yildan bu miqdor 1 375 000 ming so‘mgacha oshirilyapti.