Nima uchun qurilish sohasida qonunbuzarlik ko‘p?

Mazkur savolga Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Laziz Hamidov izoh berdi:

«Bugungi kunda sohadagi eng og‘riqli nuqta ham shu — noqonuniy qurilishlar. Juda avjiga olgan, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Buning ob’yektiv va sub’yektiv sabablari bor.

Shu yilning dastlabki olti oyida boshqarmamiz va hamkor tashkilotlar tomonidan 844 ta noqonuniy qurilishlar aniqlangan. Shundan 188 tasi o‘rnatilgan tartibda sudga oshirilgan yoki joyida bartaraf etilgan. 623 tasi bugungi kunda so‘roq ostida turibdi.

 Sabablari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak. Bilasiz, noqonuniy qurilishlarning asosiy qismi Samarqand shahriga to‘g‘ri keladi. Samarqand qurilish sohasida o‘ziga yarasha murakkab shahar hisoblanadi. Tarixiyligi, uchta hududga bo‘linganligi. Madaniy meros ob’yektlari bor, bu joylarda arxitektura kompozitsiyalarini saqlab qolish bo‘yicha nazorat o‘rnatilgan».

Laziz Hamidovga ko‘ra, noqonuniy qurilishlarning kamaymayotganiga sabab ularga qarshi qo‘llanilayotgan choralarning nisbatan yumshoqligi.

«Misol keltiraman: aytaylik noqonuniy qurilish jarayoni boshlandi. Poydevor qo‘yildi. Poydevor qo‘yilishi jarayonida biz bordik, komissiya dalolatnoma rasmiylashtirdi. Noqonuniy qurilish aniqlanib, jarayon boshlandi. Quruvchiga ko‘rsatma beriladi, belgilangan tartibda sudga oshiriladi. Ana shu poydevorni buzish bo‘yicha sudning qarori chiqqunga qadar bu ob’yektning allaqachon tomi yopilgan holatda va mulk huquqi vujudga kelib bo‘ladi. Chunki shuncha ko‘rsatmalarga qaramasdan qurilish ishlari to‘xtamaydi. 

Jarayonning davomi sifatida aytishim mumkinki, sud ijrochilariga ijro varaqasi kelib tushyapti, sud qarorida poydevorni buzib olish masalasi ko‘rsatilgan. Sud ijrochilari kelganda esa bu yerda bino turibdi. Sud qarori esa poydevorga qaratilgan...

Ikkinchi masala esa jarimalar qo‘llanilishi bilan bog‘liq. Samarqand shahrida, ayniqsa, ko‘p qavatli uylar qurilishi bilan bog‘liq noqonuniy qurilishlar aniqlangan. Yaqingacha 60 dan ortiq noqonuniy ob’yektlar bor edi. To‘g‘ri, ularning anchasi bartaraf etildi yoki qonunga muvofiqlashtirildi.

Lekin, aytaylik, ayrim hollarda biz ishni sudga oshirgan vaqtimizda ham yuqorida aytilganidek, qurilish ishlari bemalol davom etaveradi. To‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berilganda ham. Tegishli inspeksiya tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga oshirilgandan keyin eng kam ish haqining 70 baravarigacha jarima qo‘llash bo‘yicha sud qarori qabul qilinadi. Bu bugungi kunda 15 million so‘m atrofida. O‘sha binoning narxi esa 15 milliard so‘m!  Qiyoslab aytadigan bo‘lsak, quruvchimiz jarimani xuddi cho‘ntagidan tushlikka pul to‘layotgandek to‘layaptiyu yana qurilishni davom ettiryapti.

Bu masala faqat Samarqand viloyati yoki Samarqand shahriga tegishli emas, respublika bo‘yicha uchrayotgan muammo. Shu sababdan holat yuzasidan Senatga va boshqa idoralarga takliflar yuborilgan.

Yana bir misol keltiraman. Mana, ko‘pchiligimiz avtomobilda yuramiz. Radarni ko‘rsak, bir “balo”ni ko‘rgandek qo‘rqamiz. Chunki jarimasi katta. Belgilangan qoidalarga amal qilishga harakat qilamiz. Agar biz ob’yektning kategoriyasiga qarab noqonuniy qurilishlarga jarimalar miqdorini oshiradigan bo‘lsak, fikrimcha noqonuniy qurilishlar kamayadi»,  deydi Laziz Hamidov.