«Paqildoq» uchun 10 yilgacha «kesiladi»

5 dekabr kuni «Xavfsiz hudud - dolzarb 40 kunligi va pirotexnika» tezkor-profilaktik tadbirlari davomida Samarqand temir yo‘l texnikumi oldida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Samarqand shahrida yashovchi voyaga yetmagan X. J. «Treniya» yozuvli 2500 dona pirotexnika vositalarini noqonuniy saqlab kelayotganligi aniqlangan.

Bir qarashda oddiy xabar. Ammo xulosa qilishga shoshilmang.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185-1-moddasida pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish uchun javobgarlik belgilangan.

Ushbu holat huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shu o‘rinda bir eslatma, qonunchilikka kiritilgan bu modda 2010 yilda kiritilgan. Ya’ni, u yangilik emas.

E’tibor qilayotgan bo‘lsangiz, vosita xavfi va zararini tushunmasligingiz kamida 1,5 million so‘m jarima to‘lashingizga sabab bo‘ladi. Masalaga boshqa tomondan qarash ham katta xato. Misol uchun, bir necha milliard so‘mlik pirotexnika buyumlarini muomalaga kiritib, 6 million so‘m nari-berisida jarima to‘lab «qutulib ketish»ning iloji yo‘q. Nega?

Birinchidan, «pirotexnika»ning qonunga xilof muomalasi ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHM 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima, 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ikkinchidan, qilmishning va u keltirib chiqargan salbiy oqibatlarning og‘ir-yengilligi, pirotexnika buyumlarining miqdoridan kelib chiqib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ham nazarda tutilgan.

A.Abdualimov, viloyat transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi JQB katta tezkor vakili.