Xotirjamligimiz paqildoq bilan birga "sochilib" ketmasin
Ko‘zni quvontirib, dillarga qayg‘u va dardni solishda davom etayotgan pirotexnika vositalarining savdosi va ulardan foydalanish holatlari hali-hamon davom etib, yuzlab norasidalarning hayotiga zomin bo‘lmoqda.
Pirotexnika vositalaridan foydalanish inson hayotiga jiddiy xavf tug‘dirishi, jumladan, tanadagi asoratlar uzoq yillar saqlanib qolishi mumkin. O‘tgan yillar davomida bunday noxush voqealar tufayli ko‘zlarning shikastlanishi oqibatida ko‘rish faoliyatining qisman yoki butunlay buzilishi, tanadagi kuyishlar hatto qolgan asoratlari bemorlarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan holatlari ham ko‘p bor kuzatilgan. Aksariyat hollarda, bir lahzalik zavq uchun faqatgina o‘zimizga emas o‘zgarlarning ham umrbod nogironlikka mahkum bo‘lishiga sabab bo‘lyapmiz.
Yurtimiz shifoxonalariga murojaat qiluvchi aholining aksariyat qismi voyaga yetmagan bolalarni tashkil qiladi. Yosh avlod vakillari ongida ushbu vositalarning qay darajada xatarli va hayot uchun xavfli ekanligi yetarlicha uqtirilmagani bois, oilalardagi tinch-totuvlik ham paqildoq singari bor xotirjamlikni har tomonga sochib yubormoqda.
Nafaqat jamiyatimizda balki butun dunyo aholisining salomatligi-yu xavfsizligiga rahna soluvchi manba sifatida qaratilgan ushbu pirotexnika vositalaridan foydalanayotgan har bir kishi, avvalo, harakatlari xato ekanligini va oqibati faqat o‘zining hayotiga emas, balki o‘zgalarning xavfsizligiga ham bevosita daxldor ekanligini aslo unutmasligi lozim!