Bugungi kungacha salkam 6 million dona pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

27 dekabr holatiga ko‘ra, respublika bojxonachilari tomonidan aniqlangan 209 ta bojxona qonunbuzilishi holatida 5 mln. 732 ming donadan ortiq pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Umumiy hisobda, yil boshidan buyon davlat bojxona xizmati organlari tomonidan huquqbuzarlik ashyosi sifatida olib qo‘yilgan jami pirotexnika vositalarining umumiy qiymati 4 mlrd. 695 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Aniqlangan holatlarni tahlil qilish jarayonida pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasiga qo‘l urayotganlar orasida voyaga yetmagan shaxslar ham kuzatilyapti.

Jumladan, Qoralqalpog‘iston Respublikasida aniqlangan holatda 2008 yilda tug‘ilgan o‘smir 6 ming dona petardalarni sotishga uringan vaqtida to‘xtatib qolindi. Bundan tashqari, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy, Xorazm viloyatlarida ham 2004-2006 yillarda tug‘ilgan o‘spirinlar pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasiga qo‘l urgan.