Parij shahri ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berildi

Shu yil 11-13 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekiston – Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini yuzma-yuz va delegatsiyalar ishtirokida atroflicha muhokama qildi. Unda sanoat, iqtisodiyot, ta’lim, turizm va boshqa ko‘plab sohalardagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari kelishib olindi. 

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qarorga keldi. Albatta, mazkur qaror har ikkala mamlakat manfaati, xalqlarimiz istiqboli uchun xizmat qiladi. 

Tashrif doirasida mamlakatimiz rahbarini Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlanishi muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur orden 1802 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida e’tirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi. Shuningdek, tashrif davomida Parij shahri ko‘chalaridan biriga Samarqand nomining berildi. 

O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ushbu ordenga sazovor bo‘lgani hamda Parij shahri ko‘chalaridan biriga Samarqand nomining berilgani qalbimizni iftixorga to‘ldirdi. Mamlakatimiz rahbarining olib borayotgan tashqi siyosati, xorijiy davlatlar bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari mamlakatimiz xalq xo‘jaligining barcha jabhalari qatori ta’lim sohasi istiqboli uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqaro munosabatlar tizimidagi bunday rasmiy tashriflar faqat davlat rahbarlarining uchrashuvi bilan chegaralanmayapti. Ilm-fan va ta’lim vakillarining hamrohligi hamkorlikning samarali tashkil etilishini ta’minlamoqda. Natijada ta’lim tizimida yuksalish ko‘zga tashlanib, salohiyatli kadrlar tayyorlash davlatlarning umumiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Tashrif doirasida Parij shahrida tashkil etilgan “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston – Fransiya ko‘prigi” mavzusida qo‘shma konferensiyada har ikkala mamlakatning 30 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. 

Mazkur anjumanda Fransiyaning fransuz tilini o‘qitish innovatsion metodik Markazi (KOKORO Lingua) ta’sischisi va direktori Nathaliye Lesselin xonim bilan ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha muzokara o‘tkazdik.

Muzokaralarda nafaqat SamDChTIda, shuningdek, O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida fransuz tilini o‘qitishni rivojlantirishda innovatsion metodlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik olib borishga kelishildi. Muzokaralar natijasida Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Fransiyaning fransuz tilini o‘qitish innovatsion metodik Markazi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. 

Shuningdek, institutimiz delegatsiyasi Fransiyaning Pol Valeri nomidagi Monpele universiteti faoliyati bilan tanishib, Monpele universiteti rektori Anne Fraisse xonim bilan ham muzokaralar olib bordi. Uchrashuv chog‘ida ikkala ta’lim muassasasi o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohasida hamkorlikda ishlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. 

Yuqorida ta’kidlanganidek, bugungi kunda ta’lim va ilm-fan rivojini xalqaro hamkorliksiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Global bilimlar almashinuvi, xalqaro tajribalar o‘zlashtirilishi har bir oliy ta’lim muassasasining strategik yo‘nalishiga aylangan. Ayniqsa, chet tillar ta’limi sohasida dunyoning yetakchi oliygohlari bilan o‘rnatiladigan akademik aloqalar professor-o‘qituvchilarimiz va talabalarimizning malakasini oshirish, o‘qitish metodikalarini innovatsion yondashuvlar bilan boyitish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari sifatini yaxshilashda katta ahamiyat kasb etadi.Ayni paytgacha Samarqand davlat chet tillar instituti Fransiyaning yetakchi universitetlari – Puate universiteti, Quyi Normandiya Kan universiteti, Sorbon universiteti, Liyon – 2 universiteti, Serji-Pontuaz universiteti, Parij akademiyasi va boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bu aloqalar nafaqat o‘quv jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, balki talabalarning xalqaro miqyosda bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda. 

Bahodir Xoliqov, 

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori.