Pastdarg‘omlik bo‘lsangiz ham Toshkentdan uy olishingiz va doimiy ro‘yxatda turishingiz mumkin

- Past Darg‘om tumani Juma shahrida yashayman. Ish faoliyatimni Toshkent shahriga ko‘chirmoqchiman. Shuning uchun yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan bir kvartira sotib olmoqchiman. Buning uchun menga propiska masalasida muammo bo‘lmaydimi? Propiskamni Toshkent shahriga qo‘yish uchun qaysi idoraga murojaat qilishim kerak?

A.Toshtemirov.

- Prezidentimiz shu yil 13 mayda imzo chekkan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun aholimiz oldidagi ichki migratsiya bo‘yicha cheklov va to‘siqni olib tashladi. Endi O‘zbekistonning qaysi hududida yashashidan qat’iy nazar Toshkentdan uy sotib olgan fuqaro uchun propiska talab qilinmaydi. Jumladan, sizdan ham.

Shuningdek, ushbu qonunga ko‘ra, yangi uylarni sotib olganda davlatga qo‘shimcha to‘lanadigan shartnoma narxidan 5 foiz miqdoridagi stavka ham bekor bo‘ldi. Ya’ni, shu yil 20 may kuni qabul qilingan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mulk sotib olinganda mol-mulkning oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun shartnoma summasining 5 foizi miqdordagi davlat bojining alohida stavkasi chiqarib tashlandi.

Propiskaga qo‘yish bilan bog‘liq savolingizga kelsak, bu ish, ya’ni ro‘yxatga olish fuqaroning xohishiga ko‘ra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bir kun ichida amalga oshiriladi. Shuningdek, 2020 yil 1 sentyabrdan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda ham “Yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari agentligi bo‘limlari tomonidan propiskaga qo‘yish tizimi joriy etiladi.

Sh.Ro‘zinazarov,

Past Darg‘om tuman adliya bo‘limi mas’ul xodimi.