Paxtachi tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida “Inson” ish boshlaydi
Davlatimiz rahbarining shu yil 28 sentyabrda qabul qilingan “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 15 oktyabrdan boshlab yurtimizdagi 28 ta tuman (shahar)da eksperiment tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Jumladan, Samarqand viloyatida Paxtachi tumani va Kattaqo‘rg‘on shahri tanlangan.
Quyidagilar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar guruhlarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilangan:
- og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarga (keyingi o‘rinlarda — ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi) bevosita mahalla darajasida kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarini baholash orqali ularga individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejalarini (keyingi o‘rinlarda — individual ijtimoiy xizmatlar rejasi) ishlab chiqish;
- individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga muvofiq ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning ko‘rsatilishini tashkil qilish, shuningdek, zarur hollarda individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga tegishli tuzatishlar kiritib borish;
- ichki resurslarni, shu jumladan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘ngillilarni (qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, volontyorlar) ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishga jalb qilish hamda ularning mazkur sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
- aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar to‘g‘risida, shuningdek, aholining mazkur xizmatlarni olishga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha tushuntirish berish.
Bunda, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishda ijtimoiy xodimlarga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha shaxsan mas’ul va javobgar hisoblanadi.