Paxtachida ham haydovchilardan “dolya” talab qilgan zo‘ravonlar qo‘lga olindi
Olingan tezkor ma’lumotga asosan, viloyat IIB JQB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida Paxtachi tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida, tumanning Ziyovuddin shaharchasida joylashgan dehqon bozori yonida “Ziyovuddin – Navoiy” yo‘nalishi bo‘ylab noqonuniy tashkil etilgan avtoturargohda kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi haydovchilardan zo‘rlik ishlatib, ta’magirlik yo‘li bilan kunlik 30 ming so‘mdan “ulush” olib kelayotgan shaxslar qo‘lga olingan.
Mazkur shaxslar — tumanning M.Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan X.I. hamda “Bog‘onali” mahallasida yashovchi 1977 yilda tug‘ilgan R.B.lar talab qilingan pullarni bermagan haydovchilarning hayoti va sog‘ligiga tahdid qilish bilan qo‘rqitib kelgan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Bulung‘ur tumani hamda Samarqand shahrida ham bir guruh zo‘ravonlar, doimiy ravishda taksi haydovchilaridan “dolya” talab qilib, sportchilar yordamida ularga tahdid qilib kelgani fosh etilgan edi.