Paxtachida ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat boshladi
Shu yil 14 aprelda qabul qilingan “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilida Samarqand viloyatida ikkita ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish belgilangan edi.
Yangi o‘quv yilidan mazkur ta’lim muassasalari o‘quvchilar uchun o‘z eshiklarini ochmoqda.
Jumladan, Paxtachi tumanidagi 1-son ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati negizida Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Paxtachi tuman ixtisoslashtirilgan maktabi tashkil etildi.
350 o‘rinli ta’lim muassasasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, o‘quvchilar uchun qulay sharoit yaratildi. 20 ta o‘quv honasi 3 ta laboratoriya sinflari, sport zali va tadbirlar o‘tkaziladigan zali kerakli jihozlar va texnik vositalar bilan ta’minlandi.
Maktabning ochilishi marosimida Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori X.Umarova, viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etib, tuman ahli va o‘quvchilarni mazkur yangi ta’lim dargohi bilan tabrikladi. Bu yerdan yangi Beruniylar, Ibn sinolar, Farg‘oniy va Zamaxshariylar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.
Yangi ta’lim muassasasi oldiga qo‘yilgan talablardan kelib chiqib, maktabda ishlash uchun 32 nafar xodim uch bosqichli tanlov asosida ishga qabul qilingan. Ularning 8 nafari oliy toifali bo‘lsa, 10 nafari birinchi toifali. Ingliz tilidan dars beruvchi o‘qituvchilarga mazkur tilni bilim darajasi bo‘yicha sertifikatlar mavjud.
Maktabning ilk o‘quvchilari – 348 nafar o‘g‘il-qiz ham belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, muassasada tahsilni boshladi.