Paxtachidagi xonadonga devor oshib kirib 60 million so‘mni o‘g‘irlagan shaxs ushlandi

Paxtachi tumani IIBga tumanning "Gulshan" mahallasida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. Unga ko‘ra, 8 yanvar kuni soat 17:00-22:00 oralig‘ida noma’lum shaxslar uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, devor oshib kirib, 60 million so‘m pullarini o‘g‘irlab ketgan.

IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida mazkur jinoyatni Paxtachi tumani yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs sodir qilgani aniqlanib, undan 54 million 500 ming so‘m pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatiga ko‘ra, holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.