Paxtachilik tadbirkor 7 sotix yerdan 70 million so‘m sof foyda olmoqda
Paxtachi tumanining Nahripay mahallasida yashovchi O‘ktam Shomurodov tomorqasidagi 7 sotixlik issiqxonada, asosan, gul ko‘chatlari yetishtiradi. U bu yerdan yiliga ikki marta foydalanib, 70 million so‘mgacha sof foyda oladi. Mo‘’jazgina issiqxonadagi tartib, sarishtalik kishining ko‘ngliga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi.
- 2011 yildan beri shu ish bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi O‘.Shomurodov. – 7 yil davomida navoiylik bir tadbirkorning issiqxonasida bog‘bonlik qildim. Keyingi yillarda o‘zimizning viloyatimizda ham yo‘l chetlariga ekiladigan gullarga ehtiyoj ortayotganini eshitib, hovlimda issiqxona qurdim va bir mavsumda 100 ming tup ko‘chat yetishtiryapman. Oilamizda 4 kishi shu ish bilan band. Mijozlarimiz safi kun sayin kengayib boryapti. Qo‘shni Navoiy viloyatidan ham buyurtmalar olyapmiz. Ehtiyojga yarasha yetkazib berolmayotganim sababli bankdan 70 million so‘m kredit olib, akamning tomorqasiga ham 7 sotixlik issiqxona qurdim. Bu yana 4 nafar ishsiz mahalladoshlarimizning bandligini ta’minladi.
Hovlidagi 10 sotixlik tomorqaning qolgan qismidan ham unumli foydalaniladi. E’tiborlisi, bu hovlida O‘ktam akaning bobosi ekkan 100 yillik tok haligacha mo‘l hosil berib kelmoqda.
Dildora Muhammadiyeva,
Baxtiyor Mustanov.